French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Men O‘zbekiston fuqarosiman” degan so‘zni baralla aytish – baxt
16:38 / 2023-04-05

Fikrlarimni 2018 yil 20 mart kuni internet saytlaridan birida bosilgan “Fuqarolik baxti…” deb nomlangan maqoladagi qaydlar bilan boshlamoqchiman. Gap shundaki, maqola muallifi hamqishlog‘im Feruza Solixo‘jayeva.

U ustozim, shoir Bahodir Sobitning qizi bo‘lib, ayni damda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 248-maktabda ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Besh yil avval Feruza quyidagilarni yozgan ekan:  

“Onam Toshkentda tavallud topgan. Buvimni (otamning onasini) aravada atigi yarim kun yo‘l yurib Toshkentdan Janubiy Qozog‘istonning Turbat qishlog‘iga yor-yor aytib uzatib borishgan ekan. Men, aholisining 60 foizini Toshkentdan qatag‘on qilingan o‘zbek ziyolilarining farzandlari yashaydigan, O‘zbekiston poytaxtining shundoqqina biqinida joylashgan, turkigo‘y shoir Atoiy, O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la tavallud topgan ko‘hna Turbat qishlog‘ida tug‘ilganman. Urf-odatlarida, shevasida Toshkent nafasini saqlab qolgan hamqishloqlarim farzandlarining yarmi Turbatda yashasa, ayrimlari Toshkentda istiqomat qiladi.  

O‘zbekistonda muqim 5 yil yashagan insonga fuqarolik pasporti berilishi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”dagi qonunda belgilab qo‘yilgan. Toshkentga kelganimga 25 yil bo‘libdi. Chorak asr… Ba’zan tushlarimda O‘zbekiston–Qozog‘iston chegaralaridan qanot qoqib uchib o‘taman. Ba’zan esa O‘zbekiston–Qozog‘iston chegaralaridagi darvozalarning sharaqlab ochilib, bojxona postidan o‘tayotganimni ko‘raman… 

Uyimdan Chilonzorga bir soatda yetib boraman. Agar qo‘limda fuqarolik pasporti bo‘lganida edi, ota yurtim – Turbatga 45 daqiqada yetib borar edim. Shu armon, shu hasrat yillar davomida meni ezib keldi. Yuragim o‘rtanib, ota-ona, jigarlar sog‘inchi qalbimni tilka-pora qildi. Bu masalaning bir tomoni. 

Ikkinchisi, o‘qituvchiman. O‘quvchilarim turli tanlovlar, fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi” kabi musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallaydi. O‘zim ham qanday tanlov bo‘lsa, qatnashaveraman, g‘oliblikni qo‘lga kiritaveraman. Har yili davlat mukofotlariga tavsiya qilinaman. Hujjatlarim yuqori tashkilotlarga yetib borganida qaytib keladi… “Opa, – deyishadi, – hammasi zo‘r ekanu, pasportingiz chatoq ekan-da. Fuqaroligingiz yo‘q ekan”, deyishadi jilmayib. Keyin-keyin xuddi tavqi la’natdek eshitiladigan shu gapdan qochish uchun mukofatlarga hujjat ham yig‘may qo‘ydim. 

Inson uchun mukofot nima o‘zi? Agar kimdir menga shu savolni bersa, hech ikkilanmay shunday javob berardim: “Men uchun O‘zbekiston pasportini bir bor bag‘rimga bosish, men O‘zbekiston fuqarosiman degan so‘zni baralla aytish baxt”.  

Bir kuni o‘qituvchilar bayrami arafasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandim. Quchog‘im to‘la gul, uyga qaytayotsam yomg‘irdan qolgan ko‘lmakda loyga botib yotgan mast odamga ko‘zim tushdi. Sal narida esa men orzu qilgan, tushlarimga kirib chiqadigan yam-yashil pasport ham loyga qorishib yotardi. Bo‘g‘zimga bir narsa tiqildi-yu, o‘z-o‘zimga “Shu odam ham mendan baxtliroq, u shu yotishida ham O‘zbekiston fuqarosi” deya yig‘lab yubordim. Bu birgina mening dardimmikan?” 

Feruza “Qirg‘izistonning O‘shidan Andijonga kelib qolgan, Turkmanistonning Toshovuzidan Xorazmga, Tojikistonning 9 ta chegara tumanidan O‘zbekistonning turli viloyatlariga taqdir taqozosi bilan kelib qolgan o‘zbeklar mening darddoshlarim” deb yozar ekan, “Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning fuqarolik pasportini berish to‘g‘risidagi farmonini eshitgan kunim kun bo‘yi yig‘ladim. Ko‘z oldimdan bir soatlik yo‘lda turib ham pasporti “LBG” (litso bez grajdanstva — fuqaroligi yo‘q shaxs) bo‘lgani uchun vaqtida hujjat topshira olmay yoki viza uchun 30 dollar (hozir 80 dollar) to‘lolmay qolganligi uchun otasining tobutini ko‘tarishdan mahrum bo‘lgan o‘g‘illar, onasining sovuq diydorini ko‘rolmay armonda yashayotgan qizlar o‘tdi”, deydi. 

“Mening qalbimda ham umid uchquni yilt etib yondi. Qo‘shni mamlakatlarga ochilayotgan darvozalar uchun tashakkur! Do‘stona munosabatlar uchun tashakkur! Kelajakka berilgan yo‘llanma uchun tashakkur! Eng muhimi, ko‘nglimdagi anduhlar yuvilib, pasportning rangi kabi yam-yashil kurtak otayotgan umid uchun tashakkur!” deya tugallanadi Feruzaning maqolasi.  

Rosti, o‘shanda – bundan roppa-rosa besh yil avval shu maqolani olani o‘qib ko‘zlarimga yosh kelgandi. Toshkentdan atigi 60 kilometr uzoqlikdagi qishloqqa borish mashaqqatlariga o‘zim ham guvoh bo‘lganman. Ikki ukam fuqaroligi yo‘q shaxs bo‘lgani tufayli yillab qishloqqa bora olishmasdi. Ukalarim mayli, ular viza olib qishloqqa borib turishgan. Ammo otasining, onasining janozasiga qatnasha olmagan hamqishloqlarim qancha? To‘g‘ri, ular viza olib janozadan ikki-uch kundan keyin borib kelishgan. Ammo jigarlarini so‘nggi yo‘lga kuzata olmaganliklari yurakda armon bo‘lib qolgan.  

Sinfdoshim Odil G‘oyipov Toshkentdan uylangan, ya’ni rafiqasi o‘zbekistonlik. Taqdir ekan, 1993 yil yanvar oyida Toshkentga ko‘chib kelishdi. O‘zbekiston pasporti berilayotganida unga ham, rafiqasiga ham “Fuqaroligi yo‘q shaxs” pasportini berishdi. Aslida “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”dagi Kodeksda O‘zbekiston hududida tug‘ilgan har bir shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berilishi ta’kidlangan. Rahmatli otam Toshkent viloyatining Kensoy qishlog‘ida, onam Toshkent shahrida tug‘ilgan va bolaligida ota-onasi bilan Turbatga ko‘chib ketishgani bois qozog‘istonlik bo‘lib qolishgan. Agar onam o‘tgan asrning 90-yillarida Toshkentga ko‘chib kelgudek bo‘lsa, O‘zbekiston fuqarosi avtomatik ravishda berilishi kerak edi. Xuddi shuningdek, Odil o‘rtog‘imning rafiqasiga ham O‘zbekiston fuqarosi pasporti berilsa qonun buzilmagan bo‘lardi. Ammo, u oradan 27 yil o‘tibgina O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldi. 2020 yilda yuzlab qishloqdoshlarim qatori ikki ukam ham “fuqaroligi yo‘q shaxs” tamg‘asidan qutilib, O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldilar. 

2016 yilning to‘rtinchi choragidan tom ma’noda O‘zbekistonda jiddiy islohotlar boshlandi. To‘g‘risi, bunday liberal o‘zgarishlar bo‘lishini hech kim kutmagandi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi. Bu davlatdagi islohotlar mintaqaning boshqa mamlakatlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Haqiqatan ham, 2017 yilgacha O‘zbekistonning qo‘shnilarga nisbatan yopiq va ba’zi hollarda qarshi siyosati Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston tashqi siyosatiga ta’sir ko‘rsatgani shubhasiz. 2017 yildan boshlab beshta mamlakatda potensial jihatdan tashqi ishtirokchilarsiz mintaqa siyosatini ishlab chiqish imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlari tubdan yaxshilandi. Qirg‘iziston, Tojikiston bilan deyarli yopiq bo‘lgan chegaralar ochildi. Shuni ta’kidlash kerakki, 2017 yilgacha O‘zbekistonning faqat Qozog‘iston bilangina chegarasi ochiq edi. O‘zim qozog‘istonlik bo‘lganim uchun qarindoshlarimni ko‘rish uchun borib turishga to‘g‘ri kelardi. Chegaradan o‘tish “ming bir” azob edi. Salkam ikki soat navbatda turganingizdan keyingina chegaradan o‘tilardi.  

Ustoz Abdusaid Ko‘chimov bir maqolasida shunday yozgandi:  

“Alisher Narzullo degan shoir bor. Tojikistonlik o‘zbeklardan. Dushanbega yaqin Chinor degan qishloqda tug‘ilib, katta bo‘lgan. 30 yildan beri Toshkentda yashaydi. Bir necha she’riy kitoblar muallifi. Hozir O‘zAda — birga ishlaymiz. “U kunlarni eslasam qo‘rqinchli bir tush ko‘rgandek bo‘laman, – deydi Alisher. – Tug‘ilgan makonga borib-kelish uchun 2-3 oylab sarson bo‘lar edik. Pasport stolida 80–90 kunlab, elchixonada undanam ko‘p ruxsat kutardik. Ijozat berilguniga qadar borishing zarur bo‘lgan ma’rakayu mavrid allaqachon o‘tib ketgan bo‘lardi”. 

Hayotda bo‘lgan bir voqeani hazil aralash aytib berishgandi. Opa O‘shda, singil Andijon viloyatidagi qishloqda yashaydi. Oradagi masofa bir kilometrga ham bormaydi. Avvallari piyoda borib-kelib yurishgan. Ammo endi orada qattiq qo‘riqlanadigan chegara bor. Singil opani ko‘rish uchun avval Toshkentga kelib, Qirg‘iziston elchixonasidan viza oladi, so‘ng Qozog‘iston orqali Bishkekka borib, poytaxtdan O‘shga samolyotda uchadi. Samolyot ham ob-havo noqulayligi sabab O‘shga qo‘navermaydi. Singilni vahima bosadi: “ishqilib samolyot Andijonga qo‘nmasin-da”. 

Hozir O‘zbekiston–Qozog‘iston chegarasidan 10 daqiqada o‘tasiz. Biror-bir muammo yo‘q. Xuddi shunday, bir vaqtlar viza bilan boriladigan Qirg‘iziston va Tojikistonga ham bemalol borib kelish mumkin. Shuningdek, biror-bir mamlakatda bo‘lmagan chiqish vizalari(stiker) faqat O‘zbekistonda joriy etilgan edi. Ayni damda u “umrini o‘tab bo‘lgan o‘tmish qoldig‘i”ga aylandi.  

Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashda, xalqlarimizning o‘zaro mushtarak aloqalari katta rol o‘ynaydi. Bunda mada

niyatlarimiz, qadriyat va an’analarimiz bir-birini to‘ldiradi. Urf-odatlarimiz va udumlarimiz bir, dinimiz bir, til to‘sig‘i yo‘q. Aslida, siyosiy hamkorlik va integratsiya jarayonlari jamiyatdan, uning ehtiyojlaridan kuch oladi. Shu sababli, so‘nggi paytlarda mintaqa jamiyatlari va xalqlari o‘rtasida ham aloqalar jadallashib bormoqda. 

Tan olish kerak, Markaziy Osiyoda yillar mobaynida davom etib kelgan sovuq munosabatni yaxshilashda O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, O‘zbekistonning mintaqa davlatlari o‘rtasidagi muloqotlarni yaxshilash, chegaralarni ochish, viza tartiblarini bekor qilish, odamlar o‘rtasida bordi-keldini yo‘lga qo‘yish borasidagi tashabbuslari katta ahamiyat kasb etadi. Jahonda kuzatilayotgan geosiyosiy vaziyat sharoitida O‘zbekiston olib borayotgan tashqi siyosiy yo‘l alohida ahamiyatga ega. Chunki, Markaziy Osiyoning iqtisodiy farovonligi ko‘p jihatdan O‘zbekiston qabul qilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga bog‘liq.  

Respublikamizda ro‘y berayotgan bu kabi o‘zgarishlar, balki kimlargadir bilinmayotgandir, biroq mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti nuqtai nazaridan bu o‘zgarishlar hal qiluvchi ahamiyatga egaligini unutmasligimiz kerak. Bugun yangi O‘zbekiston deya atalayotgan mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida juda teran o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xalqimiz o‘z qadrini bildi. Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk zotlarning, Amir Temur singari buyuk davlat arboblarining avlodi ekanimizni, tarixda hech kimdan kam bo‘lmaganimizni va kelajakda ham kam bo‘lmasligimizni to‘la anglab yetdik.  

Shu o‘rinda, 2009 yil 4 iyun kuni AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti Barak Obamaning Qohira universitetida so‘zlagan nutqini eslatib o‘tmoqchiman. O‘shanda Oq uy rahbari shunday degan edi: “Tarixga qiziqqan inson sifatida men sivilizatsiya islom oldida qanchalik qarzdor ekanligini ham bilaman. Aynan islom, Al-Azhar kabi joylarda, asrlar davomida ilm nurini taratib keldi va Yevropadagi tiklanish va ma’rifatga yo‘l ochdi. Musulmon jamiyatlarining ilg‘orlik ruhi tufayli algebra tartib-qoidalari, magnitli kompass va navigatsiya uskunalari, yozuv mahorati va nashriyotga ega bo‘ldik, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yo‘llari haqida tushuncha hosil qildik. Islom tamadduni bizga ulug‘vor arkalar va baland minoralar, vaqt hukmiga bo‘ysunmaydigan she’riyat va jozibali musiqa, husni hattotlik va huzur-halovat ila taffakur qilish imkonlarini berdi”.  

Bu nutq bilan tanishar ekansiz, AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti o‘zbek mutafakkirlarini (algebra tartib-qoidalari deganda Xorazmiyni, magnitli kompas deganda Abu Rayhon Beruniyni, navigatsiya uskunalari deganda Farg‘oniyni, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yo‘llari deyilganda Roziy va Ibn Sino) nazarda tutganligiga ishonch hosil qilasiz. Ulug‘vor arkalar va baland minoralar (Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz), vaqt hukmiga bo‘ysunmaydigan she’riyat (Navoiy, Bobur) va jozibali musiqa (Forobiy) deyish bilan Barak Obama O‘zbekistonni nazarda tutmadimikan?!. Demak, Barak Obama ta’biri bilan aytganda, “sivilizatsiya islom oldida qanchalik qarzdor” bo‘lsa, xalqimiz oldida ham shunchalik qarzdordir.  

Ispaniya qirolining elchisi R.G.Klavixo “Samarqanddagi Amir Temur saroyiga sayyohat kundaligi” asarida quyidagi gaplarni yozib qoldirgan. “Bu xalq bilan shoh (ya’ni Amir Temur) ko‘plab ulug‘vor jasoratlar ko‘rsatdi, ko‘plab g‘alabalar qozondi. Bu mehnatsevar, mohir chavandoz kamondan otuvchi mergan, umuman, sabot-matonatli xalq. Issiq va sovuqqa, ochlik va tashnalikka jahondagi har qanday eldan ko‘ra sabotli va chidamli xalq”.  

Har bir inson muvaffaqiyatga erishganida suyunadi, g‘ururlanadi, iftixor qiladi. O‘zbekistondagi keng qamrovli islohatlar bir paytlar Amir Temur boshchiligida shon-shuhrat qozongan halq bugun yana azaliy dovrug‘ini qayta tiklayotganidan dalolat beradi, deb ayta olamiz. Bugun, qadim Turon, Turkiston beshigi bo‘lmish O‘zbekiston zaminida muazzam bog‘lar, go‘zal va nurafshon manzillar chiroy ochmoqda. Demak, Yangi O‘zbekistonda yashash va shu aziz el-yurt uchun mehnat qilish baxt. Ana shu baxt barchamizga muborak bo‘lsin!  

Sharofiddin TO‘LAGANOV,  

jurnalist

O‘zA