Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Men nechun sevaman O‘zbekistonni?!"
15:43 / 2022-11-12

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida iqtidorli rangtasvirchi rassom Vahob Ziyayevning «Men nechun sevaman O‘zbekistonni?!» nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Rassom Vahob Ziyayev1937 yil Toshkentda zargar oilasida tug‘ilgan. Balki shu boisdir uning tabiatida ota kasbining zahmatli izlanishi sezilib turadi. U hayotiy detallarni, tabiiy rang stixiyasini, voqelikni o‘zining ruhiy holatiga moslaydi, ularga qalb qo‘ri bilan jilo beradi, ranglar ustida uzoq izlanadi.

Ko‘rgazmada qayd etilganidek, V. Ziyayevning mahorati 1953-1958 yillarda P.Benkov nomidagi rassomlik bilim yurtida tahsil olganida va 1959-1965 yillarda A. Ostrovskiy nomidagi teatr va rassomlik institutida saboq olgan kezlarida shakllanib bordi. Sharq miniatyura san’ati bilimdoni ulug‘ rassom Chingiz Axmarov bilan tanishuvi, keyinchalik u bilan Toshkent Politexnika instituti arxitektura fakultetida pedagoglik qilishi ijodining asosiy tamoyillarini belgilab berdi.

V. Ziyayev Chingiz Ahmarov ustaxonasida besh yil birgalikda ijod qildi. Hirot va Buxoro miniatyura maktabi san’atini o‘rgandi. Rassomning 1974 yilda yaratgan «Sukunat» lirik kartinasi zamonaviy o‘zbek tasviriy san’atida o‘ziga xos yangilik sifatida e’tirof etiladi.

Shuningdek, muallif o‘z asarlari «Ko‘hna qo‘shiq»(1974), «Osuda osmon»(1978), «Avval qishlog‘idagi choyxona»(1965), «Navoiy Sulton Husaynga qasida o‘qilmoqda»(1968)da ko‘hna makon, milliy hayot tarzi, otalar an’analari mavzusini gavdalantirdi.

[gallery-9540]

Rassom Zominga safar qiladi. «Zomin tog‘lari» (1996) turkumida ko‘pgina manzaralar va portretlar ishladi. Bu asarlarda ko‘proq tabiat va inson o‘rtasidagi munosabatlar, ruhiy o‘zgarishlar, mehnatga yangicha munosabatlar o‘z ifodasini topgan.

Vahob Ziyayev ijodida Poshhurt qishlog‘i mavzusi alohida o‘rin tutadi. Baqtriya davrlaridan beri mavjud bu qishloq jug‘rofiy joylashuvi, manzarasining ranglarga boyligi odamlarining yashash tarzi, an’analarining o‘ziga xosligi bilan ko‘pgina rassomlarni o‘ziga jalb etib keladi. Poshhurt mavzusini tasviriy san’atda ilk bor Ro‘zi Choriyev aks ettirgan bo‘lsa, keyinchalik, B. Boboyev, J. Umarbekov, B. Jalolov, A. Mirzayev, P. Tohirov singari ijodkorlar ham bu mavzuda o‘ziga xos asarlar yaratishgan.

V. Ziyayev ijodida tarixiy obidalar, shahar arxitekturasi va manzarasi aks etganasarlar uncha ko‘p emas. Rassomni ko‘proq qishloq tabiati, qishloq odamlari, bog‘lari, hovlilari va ko‘chalari qiziqtiradi. Ammo tarixiy obidalarni ishlashda ham u o‘ziga xos yo‘l tutadi. Rassom kun botayotgan oqshom paytida qizg‘imtir va moviy-gunafsha rangga kirgan Shohizinda manzarasini olis o‘tmishning g‘aroyib hikoyachisi sifatida jonlantiradi.

Zamonaviy o‘zbek tasviriy san’atida badiiy jarayon ko‘lami kengayib, rango-ranglik kasb etmoqda. Uning bunday jozibali manzara kasb etishida rassom Vahob Ziyayev asarlarining ham o‘z o‘rni bor.

Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA