Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Men mehrning rangini ko‘rdim...
13:49 / 2021-08-30

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga

To‘g‘risini aytsam, poytaxtda yashasamda, shu paytgacha  yer usti metrosida aylanmagan ekanman. Qaysi kuni Sergeli tumaniga borish uchun metroga chiqishga majbur bo‘ldimu turli- tuman voqealarning guvohiga aylandim.  

– Sergeli tumaniga borish uchun qaysi bekatda chiqaman, so‘radim metropoliten xodimidan.

– Mustaqillik metrosining o‘ng tarafidan vagonga o‘tirasiz, metroning yer osti qismi “Olmazor” bekatida tugab, o‘sha yerdan yer usti qismi boshlanib ketadi,– deya tushuntirish berdi navbatchi xodim.

–  Yo‘g‘-e, rostdanmi, bu bekatdan tushib, boshqasiga o‘tmaymanmi? –So‘radim qiziqsinib va biroz ishonmayroq vagonga o‘tirdim.  

Men chiqqan vagon odamlar bilan gavjum. Bir yigit o‘rnidan turib joy berdi. O‘tirdim. Yonimdagi o‘rindiqda o‘tirgan ayolning o‘g‘ilchasi injiqlik qila boshladi. 7 yoshlar atrofidagi bolani onasi quchog‘iga o‘tirg‘izib olganini ko‘rib, sinchiklab razm soldim. Bolakayning oyoqlari nogiron ekan. Qo‘llari ham o‘ziga bo‘ysunmas,  shu bois, onasi tez-tez unga  suv tutardi. Atrofdagi odamlar ayolga e’tibor bermaslikka, unga achinish ko‘zi bilan qaramaslikka intilishsa-da, nigohlari bilan ona-bolalarni kuzatishardi. Keksa bir onaxon chidab turolmadi.

– Qizim, xafa bo‘lmangu o‘g‘lingizga nima bo‘lgan, kasalligi tug‘mami yoki... savol berdi.

–  Nazarimda, ayol odamlarning bunday savol berishlariga o‘rganib ketgan chog‘i onaxonning savolidan dili ranjigani sezilmadi.

–   Tog‘amning o‘g‘liga turmushga chiqqandim, –dedi ayol onaxonning savoliga javoban.– Mahalladagi faollar, shifokorlar qancha gapirishmasin, onam qizimni jiyanimga beraman, deb turib oldi.  O‘zim qo‘rqqan narsa  sodir bo‘ldi. Qarindoshlik tufayli bolam nogiron bo‘lib tug‘ildi. Tog‘amning xotini  uch yildan so‘ng o‘g‘lim ikalamizni uydan xaydab, o‘g‘liga boshqa xotin olib berdi. Men esa nogiron bola bilan otamnikiga qaytib keldim. O‘tgan yili  hokimning qarori bilan bizga Sergeli tumanidan bir xonali uy ajratib berishdi. Ikkimiz o‘sha yerda yashaymiz. O‘g‘limga nafaqa olaman, opa-singillarim ham yordamlashib turishadi. O‘g‘lim nogiron bo‘lsayam, menining zurriyodim. Uni parvarish qilish burchim. Uni tez-tez istiroxat bog‘lariga olib borib turaman. Qo‘l-oyoqlari yaxshi ishlamasa ham aqli joyida, hamma narsani sezadi, his qiladi.  

Jussasi kichkinagina, bug‘doy rang bu ayolning so‘zlarida qahramonlikni, ko‘zlarida esa yaxshi hayotdan umidvorlikni his qildim. Bag‘rida nogiron bolasi, oilasi buzilgan, yostiqdoshidan ayrilgan bo‘lsada, boshpanasi borligidan quvonayotgani, shukrona keltirayotgani ba’zi noshukur insonlarga ibrat qilib ko‘rsatgudek edi.

Savol bergan onaxon ayol bilan xayrlashib,  metroning “Olmazor” bekatida tushib qoldi. “Olmazor” bekati tugab, metroning yer usti qismi boshlandi. Birdaniga atrof yorishib, osmon xuddi odamlarning yaqinida turgandek tuyuldi. “Ehtiyot bo‘ling, eshiklar yopiladi. Keyingi bekat birinchi”, deya xabar berdi metropoliten xodimi. Poyezd vagoni yeldek uchib borar, yer osti poyezdidan chiqqan odamlar ham o‘zlarini allanechuk erkin seza boshlashdi. Ko‘p o‘tmay poyezd ikkinchi bekatga kelib to‘xtadi.

Yuqoridan turib shaharni tomosha qilishni juda yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, Sergeli yo‘lidagi yer usti metrosidan shahardagi har bir imorat, har bir yashil daraxtlar shundoq ko‘rinib turar, ularni ko‘rgan sayin  ko‘zlaringiz quvnab, qalbingiz faxrga to‘ladi. Ana Amir Temur xiyobonidagi Xalqaro anjumanlar saroyi, nariroqda esa O‘zbekiston mehmonxonasi,  istirohat bog‘lari-yu, Sirk binosi ham yonimda turgandek edi go‘yo...    

Mana uchinchi bekatga ham yetib keldik. Metroning o‘ng tarafidagi oynadan Sergeli tumanida qurilgan yangi uylar, bog‘cha, maktab, hattoki ikki mahallani bir-biridan chegaralab turadigan ariqlar, ularning ichida jildirab oqayotgan suvlar ham ko‘rinib turibdi. To‘rtinchi bekatga yetganimizda boyagi ayol tushib qoldi. Bir qo‘lida bolasi, ikkinchi qo‘li bilan kolyaskasini sudramoqchi bo‘lgan ayolga bir o‘spirin yigit yordamga keldi. Ayolni hurmat bilan bekat tashqarisigacha kuzatib qo‘ydi.

Metro bir silkinib, yana yo‘lga tushdi. To‘rtinchi bekatdan  yoshi keksa otaxon bilan onaxon chiqishdi. Menimcha, ular bozorga ul-bul xarid qilish uchun kelishgan. Ikalasining ham qo‘lida sumka. Vagonga chiqqach, otaxon kampiridan qo‘lidagi sumkaning bittasini berishini so‘radi.

– Sizga og‘ir ko‘tarish mumkin emas, bobosi, saxiringiz bor, qo‘yavering, o‘zim eplayman, –dedi onaxon  jilmayib.

Ammo choli tushmagur kampirining bu mehribonligidan o‘zini allanechuk noqulay sezar,  uning og‘irini yengil qilishga urinardi. Kampiri esa  qaysarlik qilib meva-chevalar solingan sumkani tizzasiga qo‘yib oldi.  

Va nihoyat, 5 - bekatga ham yetib keldik. Bu oxirgi bekat. Hamma vagondan tushish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Boyagi onaxon o‘rnidan qo‘zg‘algunicha choli chaqqonlik qilib,  sumkani oldi-yu jadallab  yura boshladi. Onaxon esa qaysar cholining ortidan yetib olish uchun ildamladi. Ularning ortidan kuzatib, mehrning haqiqiy taftini his qildim. Odamlarda mehr-oqibat qolmadi, muhabbat o‘rnini manfaat egalladi, deya jar soluvchi odamlarga: “Yo‘q, siz adashyapsiz. Hayot judayam go‘zal, haliyam oqibat bizning yuragimizda, oramizda yashayapdi. Biz bilan ulg‘aymoqda. Agar uni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, bir zumga yuqoridan pastga tushing, qimmatbaho mashinangizni garajda qoldirib, avtobusu metrolarda yuring. Odamlarni kuzating, nigohingiz ularning nigohi bilan to‘qnashsin. Quloqlaringiz esa hayotiy hikoyalarini eshitsin. Shunda siz ham mehrning rangini ko‘rasiz, uning taftini his etasiz”, degim keladi.

Nigora Rahmonova, O‘zA