Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Men ham yaxshilik qilishni xohlayman
20:58 / 2020-05-07

Shu payt doʻkonga mahallada turadigan bir kampir kirdi hamda banan va olmaning narxini soʻradi. Sotuvchi unga banan uch dinorligini, olma esa ikki dinorligini aytdi.


Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlari boshiga tushgan sinov boʻlib turgan bir vaziyatda aholining qiyinchiliklarni birdamlik bilan yengishga harakat qilayotgani barobarida saxovatli tadbirkorlarning fidoyiligi alohida eʼtiborga molik.

Hikoyalarda keltirilishicha, bir kishi doʻkonga kirib bananning narxini soʻradi:

– Banan qancha turadi?

– Oʻn ikki dinor.

– Olmachi?

– Oʻn dinor.


Shu payt doʻkonga mahallada turadigan bir kampir kirdi hamda banan va olmaning narxini soʻradi. Sotuvchi unga banan uch dinorligini, olma esa ikki dinorligini aytdi. Kampir “Alhamdulillah, bolalarim maza qiladigan boʻlishdi”, dedi. Oldin kirgan kishi sotuvchining bu ishidan gʻazablanib, koʻzlari qizardi. Sotuvchi unga qizishmay turishini ishora bilan anglatdi. Kampir oladiganini olib doʻkondan chiqqach, u kishiga dedi:

– Allohga qasamki, men sizni aldamadim, sizga xiyonat qilmadim. Bu kampirning toʻrtta yetimi bor. Hech kimdan yordam olishni xohlamaydi, iffatli. Necha bor yordam bermoqchi boʻldim , koʻnmadi. Keyin unga qanday yordam qilishimni oʻylab, shu yoʻlni topdim. Yaʼni unga narxni arzon aytaman. U hech kimga muhtoj emasman, deb oʻylaydi. Men ham yaxshilik qilishni xohlayman. Alloh bilan ushbu tijoratni yoʻlga qoʻydim. Bu kampir haftada bir keladi. U kelgan kuni juda koʻp foyda koʻraman. Uning dardiga malham boʻlishni xohlayman.

Haligi kishi aytadi: Men doʻkondorning bu qilmishidan xursand boʻlib uning peshonasidan oʻpdim.

Insonlarning hojatini chiqarishda shunday bir lazzat borki, uni faqat tajriba qilganlar biladi. Ushbu hikoyani oʻqigan yo eshitgan boʻlishingiz mumkin. Ammo bu kabi voqealar, xayrli amallar hayotimizda ham uchramoqda. Tadbirkorlar, saxovatli insonlar yurtdoshlarimizga imkon qadar maʼnaviy va moddiy yordam berayotganlari, ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlayotganlarini koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz.

Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy rohimahulloh tarixda butun musulmon mamlakatlariga kelgan oʻlat va vabo kasalliklarni oʻrganib, “Bazlul Moun” kitoblarida, tarixda musulmon mamlakatlarida tarqagan vabo va oʻlatlar asosan bahor fasli asnosida voqeʼ boʻlgan. Soʻng yozning boshiga borib yoʻq boʻlganini qayd etgan ekanlar. Bugungi kunda butun dunyoga tashvish va muammo boʻlib turgan koronavirus infeksiyasi ham ayni bahor oyida boshlandi. Inshaalloh, Allohdan umid qilamiz, yoz fasli yaqinlashyapti, bu balo koʻtarilsin, vabolar arisin!

Odamlar koʻp neʼmatlarni bilishadi, lekin bilmaydigan neʼmatlari undan ham koʻp. Alloh taolo marhamat qiladi: “Agar Allohning neʼmat(lar)ini sanasangiz, sanogʻiga yeta olmaysiz” (Ibrohim surasi, 34 oyat).

Neʼmatlarning sanogʻini bilmagan inson, albatta, ularni bilmaydi. Aslida kundalik hayotimizning oʻzi, uydan chiqish ham neʼmat ekan, ishga borish ham neʼmat ekan, masjidga borish ham neʼmat ekan, suyukli insonlarimiz bilan koʻrishish ham neʼmat ekan. Biz qiymatini bilmaydigan neʼmatlaring bunchalar koʻp, ey Robbim.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, mana shunday murakkab va sinovli damlarda biz ulugʻ va mehnatkash xalqimizning qudrati, aql-zakovati va sabr-matonati, mehr-oqibati va samimiyati bilan ushbu ogʻir sinovlarni ham, albatta yengib oʻtamiz.

Ramazon oyining qutlugʻ kunlarida amalga oshirilayotgan savobli ishlar koʻplab ehtiyojmandlarga madad boʻlyapti. Alloh Yurtimizni tinch, hayotimizni farovon, kunlarimizni osuda aylasin!

Rahmatillo MADAMINOV,
Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumani
“Eshonguzar” masjidi imom-noibi