Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Men ham hokim bo‘laman”
16:36 / 2020-12-25

Hokim bo‘lish juda mas’uliyatli vazifa. U aholi turmush farovonligini oshirishi, muammo va kamchiliklarini bartaraf etishi, qonunlarning hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining, yuqori turuvchi organlar va tegishli xalq deputatlari Kengashi qarorlarining ijrosini tashkil etishi, xullas, hududning rivojlanishi uchun mas’ul shaxs hisoblanadi.

"Yoshlar festivali" doirasida Yoshlar parlamenti a’zolari, viloyat sardorlar kengashi vakillari, yoshlar yetakchilari hamda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqida faoliyat yuritayotgan bir guruh ko‘ngillilarning Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov bilan uchrashuvi noodatiy tarzda bo‘lib o‘tdi. 

Har doim ham hokim kursisiga o‘tirib, uning salobatini hamda mas’uliyatini his qilish imkoni yo‘q. Navoiy viloyati hokimi yoshlarga ana shu imkonni berdi.

Ular hokimlikning barcha mas’uliyati, og‘ir-yengilini to‘la his etishlari uchun hokim o‘rnida "topshiriqlar" berishga ham ruxsat etildi. Har bir topshiriq ijrosidan kelib chiqib, uning maqsadi, ishlash mexanizmi va negizidagi muammo-yechimlari yuzasidan xulosalar berildi.
− Kuchli davlat ortida doim salohiyatli, yuqori saviyali insonlar turadi. Sizlarni Vatanimizning bilimli, mas’uliyatli, dunyoqarashi keng insonlar bo‘lib yetishishingiz davlatimiz rahbarining o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadidir. Yurtboshimizning ana shu kabi ulug‘ maqsadlarini amalga oshirishda yaqin ko‘makchi bo‘lish ularning viloyatlardagi vakili bo‘lmish biz hokimlarning asosiy vazifalarimizdan biri sanaladi. Lekin bu uchun sizda ham intilish va harakat bo‘lishi lozim, − dedi Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov
"Yosh hokimlar" Qobil Tursunovdan hayoti hamda ish faoliyati to‘g‘risida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi. Shuningdek,“Yoshlar festivali” haftaligi doirasida turli soha rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. 

O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Xalq ta’limi, Jismoniy tarbiya va sport, Sog‘liqni saqlash, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari rahbarlari, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi viloyat kengashi raisi va viloyatdagi mavjud oliygohlar rektorlarining yoshlar bilan ochiq muloqotida har bir yosh o‘zlarini qiziqtirgan savollarga rahbarlardan javoblar oldi.

Jumladan, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i J.Xodjayev hamda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi viloyat kengashi raisi S.Uvaytovlar yoshlarga har ikki tashkilotning maqsad va vazifalarini tushuntirib berdi. bugungi kunda bu tashkilotlarning qanday vazifa bajarishi ko‘pchilikning bahs-munozarasiga sabab bo‘layotganligi hech kimga sir emas. Berilgan savollarga tahliliy javoblar natijasida yoshlar uchrashuv jarayonida davlat hamda NNT tashkilotlarining amalga oshirishi kerak bo‘lgan ishlarini anglab olishdi.

– Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilganiga 6 oy bo‘ldi. Bu qisqa davr ichida biz hech narsa qilolmadik. Chunki biz dastlab yoshlarga tegishli bo‘lgan barcha tahliliy statistikasini ishlab chiqishimiz, biror bir yosh e’tibordan chetda qolib ketmasligi uchun harakat qilishimiz lozim. Bizni qiynaydigan asosiy masala yoshlarimizning bandligini ta’minlash. Qachongacha xotin-qizlarimizni tikuv fabrikalariga yo‘naltiramiz. Endi ularni IT sohasiga jalb etgan holda, yangicha dunyo qarash bilan yangi-yangi loyihalarga yo‘naltirmog‘imiz lozim. Meni qiynaydigan eng katta narsa bugungi yoshlarning aniq maqsad va rejasi yo‘qligidir. Prezidentimiz, ta’kidlaganidek, biz ularni maktab davridayoq biror kasb-hunarga yoki biror fanni chuqur o‘rganishga yo‘naltirishimiz lozim, − deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbari J.Xodjayev.

Albatta, ko‘p bora ta’kidlanganidek, kelajak yoshlarniki. Ularni har tomonlama bilimli va barkamol qilib, tarbiyalash har qachongidanda muhim masala.

O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash, mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish, yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning zamonaviy axborot texnalogiyalari savodxonligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish kabi dolzarb vazifalarni o‘z ichiga olgan beshta muhim tashabbusni amalga oshirish maqsadida Nurota tumanidagi 5-son Bolalar musiqa va san’at maktabida “Yoshlar festivali” doirasida “Ijod kechasi” loyihasi tashkil etildi.

Unda yosh ijodkorlar tomonidan yaratilgan ijod namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi hamda yoshlar turli sahnaviy chiqishlar orqali o‘z iqtidorlarini namoyish etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi ijodkorlari ishtirok etdi.

Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da “Hududlarning sayyohlik salohiyatini ifoda etuvchi videorolik” tanlovi ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi To‘lqin Aliqulov yoshlarga viloyatda turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi.

Tanlovga taqdim etilgan videoroliklar ichidan tanlab olingan 7 nafar ishtirokchining ijodiy ishi oshkoralik, haqqoniylik va adolatlilik nuqtai nazaridan baholandi. Ya’ni, zalga tashrif buyurgan tadbir qatnashchilarining ovoz berish yo‘li orqali g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Tanlovda eng ko‘p ovoz to‘plagan karmanalik Malika Davronova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlarga “Diplom” va estalik sovg‘alari festival yakuni bo‘yicha tashkil etiladigan tadbirda tantanali ravishda topshiriladi.

Tadbir yakunida viloyatda turizm salohiyatini yuksaltirish va keng targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatayotgan bir guruh jurnalistlarga viloyat hokimining “Tashakkurnoma”si topshirildi.

 

Abduvali BO‘RIEV, O‘zA