Nukusda “Men g‘olib” shiori ostida ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy xizmatchilar, sportchilar, talaba-yoshlar, maktab o‘quvchilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, ushbu musobaqani o‘tkazishdan maqsad, yoshlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularda Vatanga sadoqat ruhini mustahkamlashdan iborat.

Qiziqarli o‘tgan yugurish marafoni yakunida birinchi o‘rinni erkaklar orasida R.Iskandarov, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni E.Tileumuratov va B.Xudoybergenov qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasida esa, E.Axbolatova g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, faxrli ikkinchi va uchinchi o‘rinlar D.Dauboyeva va Sh.Xalmuratovaga nasib etdi.

Musobaqa yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Sport vazirligi hamda musobaqa tashkilotchilari so‘zga chiqib, g‘oliblarni muborakbod etdi. G‘olib va sovrindorlar maxsus diplom, medal hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.