“Men eshitishni xohlayman” aksiyasi doirasida bog‘cha tarbiyalanuvchilariga eshitish apparatlari berildi
Eshitish, gapirish, ko‘rish, yurish singari Olloh tomonidan berilgan ne’matlar shunchalik bebahoki, uni hech narsaga almashib bo‘lmaydi. Ammo oramizda quloqlari eshitmaydigan, ko‘zlari ko‘rmaydigan, oyoqlari yurmaydigan, qo‘llari harakatlana olmaydiganlar ham bor...

"Zamin” fondi tomonidan o‘tkazilayotgan "Men eshitishni xohlayman" nomli xayriya aksiyasi doirasida ana shunday ko‘ngli o‘ksik, eshitish imkoniyati cheklangan, eshitishida nuqsoni bor bolalar uchun xayrli ish amalga oshirildi.

Jumladan, Namangan viloyatida 17 nafar, Andijon viloyatida 7 nafar hamda Farg‘ona viloyatida 25 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisiga eshitish apparatlari taqdim qilindi.

Mazkur xayriya tadbirlarida Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi mas’ul xodimlari ham ishtirok etdi.
M.Qosimova, O‘zA