Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Men endi osuda yashay olmayman”
10:23 / 2022-02-25

KITOBINGIZNI O‘QIB: Shoira Xosiyat Bobomurodovaga

Xosiyatxon! Sizning G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda chiqqan ikki jildlik «Saylanma»ngizdagi har bir she’ringizni o‘qigan bo‘lsam-da, ijodingizga bunday durustroq (davradagilari bunga kirmaydi) munosabat bildirmaganligimni anglab, ko‘ngildan kechganlarimni yozishga kirishdim. 

Shoirlik, bu – topqirlik, izlanish. Siz yarim asrdan ko‘proq so‘z izlaysiz, mashaqqat va farosat bilan tashbeh yaratasiz, inson ruhiyatiga so‘zdan ko‘prik yasaysiz. Hatto o‘zingiz ixtiro qilgan, barpo qilgan ana shu ko‘prikdan ham langar ushlab, ehtiyot bo‘lib o‘tasiz. Chunki so‘zning qadrini va qudratini bilasiz:

Vatan ishqi bilan bandu band dilim,

Davosi oq-oydin qo‘shiqlar balkim.

Men endi osuda yashay olmayman,

Shoir bo‘lmaslikka yo‘q endi haqqim!

Kitobning annotatsiyasida muharrir Go‘zal Begim «Xosiyat Bobomurodovaning ushbu kitobida siz bezovta onaning, sevimli yorning, haqiqiy do‘stning timsolini ko‘rasiz. Hayotning achchig‘ini ham, shirinini ham bitta - ko‘ngil tarozisida tortasiz. Cheklov bilmas tuyg‘ular adolatiga bo‘ysunasiz. She’rlar sizni pastu balanddan, o‘nqir-cho‘nqirdan sog‘-salomatgina emas, ruhingizni yuksaltirib, hislaringizni charxlab olib o‘tganiga amin bo‘lasiz. Va, «haqiqiy she’r ana shu bo‘lsa kerak», degan to‘xtamga kelasiz», deb juda adolatli xulosa bergan.

Darhaqiqat, Sizni yaxshi taniyman, ammo Sizni bilmaganlar ham shu ikki jild kitobni mutolaa qilgach, xatirchilik muallima shoira, Zarafshon vohasi adabiy muhitining yorqin vakili, bir paytlar Samarqand va Navoiy viloyatlarida Yozuvchilar uyushmasi mintaqa bo‘limlarini boshqargan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodovaning hayot yo‘li va qalbini bilib olishi mushkul emas.

Xosiyatbonu, siz tabiatan shoirasiz. Vaqtida Zulfiyaxonim, Muzayyana Alaviya, Vohid Abdullo, Abdulla Oripovdek ulug‘larimiz duosini olgan ijodkorsiz. Misralaringizdagi quymalik va betakror tashbehlarda mahorat va mehnat, bilim va izlanish uyg‘unligi bor. Siz asosiy xulosani goh she’r indallosida, goh esa oxirida aytib, o‘quvchini zeriktirmaysiz. Holatlar tasvirida birorta satringiz bir-biriga o‘xshamaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hatto kitob mundarijasini ham she’r o‘qigandek o‘qiyman. Fikrimning isboti uchun ularning ayrimlarini keltirib o‘taman:

«Yonayapman, qutqarmang biroq», «Bulut ko‘zlarimga o‘rnashsang netay», «Menku qiynoqlarga o‘rgangan telba», «Nishon bo‘lib ermak o‘qlari uchun», «E, hijron faslining so‘nggi chechagi», «Yemirib boradir yuragimni So‘z», «Sendan ololmagan o‘chim bor sevgi», «Shirin yodlarini to‘kmoqda daraxt», «To‘xtama, ohuni quvlayotgan sher», «Mudroq novdalarni o‘pib uyg‘otdim», «Urush e’lon qilmagan yovim», «Qalbimda oqadi bir daryo olov», «Darbadar qayg‘ular cho‘kdi ko‘zimga», «Soat millariga yalindim rosa», «Qorga bergan edim ildizlarimni».

Agar bu betakror misralar yoniga qo‘shiqqa aylangan «Vatan yagonadir, Vatan bittadir», «Ikki dunyoda ham bitta Samarqand» satrlarini ham qo‘shsak va «Muhabbat» she’ringizdagi quyidagi to‘rtlikni keltirsak, tasavvurimiz yanada oydinlashadi:

Aytolmadim kimligimni men hali,

Orzularning gadosiman, piriman.

Men – baxtsizlik, men hasratman men-tole,

Juft-juft dardli yuraklarning siriman...

Darvoqe, Xosiyatxon, Vatan mavzusida yozmagan adib yo‘q. Siz ham bu borada o‘ziga xos uslubga egasiz. Xususan o‘quvchiga yurt, kindik qoni to‘kilgan maskan, tabarruk tuproq va obidalar mohiyatini tushuntirishda chinakamiga o‘zbekona qalam tebratasiz. Chunki bu zaminning tabarrukligi ham uni sevishimizda, ardoqlashimizda. Hatto farzandlaringizga, Bibixonim va Zulfiyaxonimga bag‘ishlangan she’rlaringizda ham Vatanga hurmat ishorasi bor:

Ko‘z ochsang, quchog‘ing ochadi kulib,

Ulg‘aysang, ulg‘ayar baxtlarga to‘lib,

Kutar va kuzatar parvona bo‘lib,

Beshik bilan tobut orasi – Vatan.

Ijodkorni dard shoir qiladi. Dard - bu o‘z og‘rig‘i va g‘amini aytish, ta’riflash, ohu-nola emas. Dard bu yurakning, vijdonning tirikligi. Dunyoning tashvishini sezmoq, bo‘yniga olmoq va uni ayta bilmoqdir. Sarg‘ayib, zaminga tushgan xazon armoniga sherik bo‘lmoq ham dard. Yaqinining iztirobiga kuyinchaklik ham dard. Bu haqda ko‘p yozilgan va ko‘p aytilgan. Dardli she’rlar hamisha qalbimizga yaqin bo‘ladi. Chunki dunyoda dardi yo‘q odamning o‘zi yo‘q. «Dardi yo‘q kesak», deb bejiz aytishmagan.

Ammo sizning she’riyatingizdagi dard uni o‘qiganga malol kelmaydi, og‘ir tushmaydi. Aksincha, insonning ruhiga quvvat bag‘ishlaydi, dardni unutib, yashashga undaydi. Binobarin, bu boradagi tashbehlaringiz ham o‘ziga xos, o‘quvchining hayratiyu, e’tiboriga sazovor bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ko‘nglimizda, tilimizning uchida turgan so‘zlarni topib aytasiz:

Oh, nega yorilib ketmas, yuraging,

«Qancha sabr kerak turmoq uchun jim.

Siz soydagi toshning atrofini jannatga mengzash barobarida ana shu jannatga tushib qolgan toshning bag‘ritoshligini shunday go‘zal misralar bilan ifodalagansiz. Uni o‘qigan kishi ko‘z o‘ngida beixtiyor xunuk fe’l-atvorli, hissiz, shukursiz, dilsiz insonlar qiyofasi gavdalanadi.

Tabiat tasviriga bag‘ishlangan she’rlaringizga ham havasdaman. Ta’rifu sharhdan qochasiz, goh lolaqizg‘aldoq, goh bargi xazon, goh maysa yoki majnuntol bo‘lib dardlashasiz, shabnamdagi tomchida borliq siyratini ko‘rasiz. Tog‘u adirlar, daraxtu gullar, maysalar, hatto toshlar bilan «dardlashasiz»:

Hech kim ko‘rmasin, deb panaga bordim,

Yomg‘ir birla hasratxonaga bordim,

Sabr degan ulug‘ onaga bordim,

Yig‘lab yog‘ayotgan yomg‘irlar, hormang...

Umuman, tabiat haqidagi satrlar zaminida insonning botiniy tuyg‘ulari, havasu hayratlari bor: «Bahor, jur’atingga qilaman havas, Qanday qilib qirqding qishning qahrini», degan misralarni o‘qigach, ulardagi ruhiyatga ergashib ketganimni bilmay qolaman. Bahorning mardligi shu tarzda jo‘mard insonlar qiyofasida namoyon bo‘la boshlaydi. «Ey, kuz, quyoshning bag‘ridan chiqib, Ayozga yuzma-yuz kelmoqni o‘rgat», degan misralaringiz orqali esa o‘quvchi hayotning murakkabligiga dosh berish, to‘satdan dilni muzlatib qo‘yadigan holatlarda ham mag‘rur turish sabog‘ini oladi.

Birinchi kitobingiz «Daryodan qatra» (1979 yil)dagi «Qatra» she’ringizdayoq hayotdan maqsadu muddaoingizni juda ayon va chiroyli tashbehda o‘quvchiga oshkor etgandingiz. Ya’ni, shoir dilidan chiqqan haroratli, mehrli va sehrli, qatra daryodanmas, ho‘lu quruqni baravar yoqadigan olovdan ham emas. U «goh yongan, goh tutoqqan hislardan», «tolib uzoqqa boqqan orzulardan». She’r xulosasida ishonch bilan aytasiz:

Yaratarman ummon ham

Bil kun dillarni o‘rtab...

Siz she’riyat dunyosida ana shu ummonni yarata oldingiz. Va, bu ummondan endilikda ko‘plab o‘quvchilaringiz bahra olyapti.

So‘zga oshnolikdan tashqari ijodkorda so‘zga hurmat, e’tiqod ham zarur. Zero, siz bu ishni juda yaxshi uddalab kelayapsiz. Siz so‘zga xiyonat qilmaysiz. Aslida sizning halovatingiz ham, baxtu taxtingiz ham ana shu fazilatingiz bo‘lsa kerak.

Albatta, bu ikki jildlik asaringizni o‘qib, tahlil qilib, o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos uslubli, iqtidorli adiba kamolga yetganini aytguvchi savobtalab Toshkentda topilib qolar. Shuning uchun men bir ijodkor o‘quvchingiz sifatida ko‘ngildan kechirganlarim va taassurotlarimni yozdim, xolos. Aslida bu ijod yaxshigina tadqiqotga arzigulik.

Salomat bo‘ling, ijodga baraka, Xosiyatxon!



Farmon TOSHEV