“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani bo‘linmasi tomonidan “Obod mahallam” nomli grant loyihasining ish rejasi bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Men ekkan nihol” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Loyihaning asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar bilan hamkorlikda hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhit muhofazasiga hissa qo‘shishdan iborat. Loyiha asosida “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bu insholar tanlovlarida o‘quvchilar ekologiya va jonli tabiat haqida chuqur bilimga ega ekanligini namoyish etdi.

Jumladan, “Jayhun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti bilan birgalikda o‘tkazilgan “Men ekkan nihol” mavzusidagi insholar tanlovida 13 umumta’lim maktabidan o‘quvchilar ishtirok etdi.

Badiiy kengash a’zolari tomonidan 85-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sevinchoy Umrboyeva “Eng yaxshi, tahliliy fikri uchun” 1-o‘ringa, 2-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi Gulhayo Paraxatova “Insonparvarlik tuyg‘ulari ulug‘langan jo‘shqin fikri uchun” 2-o‘ringa, 68-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Mashhura Fayzullayeva “Eng yaxshi, ezgulik targ‘ibotchiligi uchun” 3-o‘ringa munosib topildi. Shuningdek, 10-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shahnoza Sherimbetova, 9-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Ziyoda Sobirova “Faol ishtiroki uchun” nominatsiyasi bilan taqdirlandi.
G‘olib va sovrindorlarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tumani bo‘linmasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar hamda faxriy yorliq topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri