Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Men dutor bilan tug‘ishgan, qo‘hna bir devonaman”
17:07 / 2022-01-21

O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon tavalludining 125 yillik tavalludiga bag‘ishlangan “Men dutor bilan tug‘ishgan, qo‘hna bir devonaman” deb nomlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda.

Cho‘lpon atoqli shoir, yozuvchi, dramaturg va tarjimon sifatida faoliyat yuritgan ijodkor edi. Uning yorqin she’rlari dastlab turli gazeta va jurnallarda e’lon qilingan. So‘ngra “O‘zbek yosh shoirlari”, “Uyg‘onish”, “Buloqlar”, “Tong sirlari”, “Soz” to‘plamlarida bu she’rlar chop etiladi.

O‘tgan asrning 20-yillarida “Oydin kechalarda”, “Qor qo‘ynida lola”, “Novvoy qiz” singari hikoyalari milliy adabiyotimizda ilk bora lirik ohangda berilishi bo‘yicha mumtoz namuna bo‘la oladi. Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, “Yorqinoy”, “Xalil farang”, “Sevgi va saltanat” kabi  asarlari kitobxonlarga ma’lum.

Mazkur ko‘rgazmada turli fotosuratlar, arxiv hujjatlari, kitoblar, qiziqarli installyatsiya vositalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.

– Cho‘lpon tog‘am bo‘lsalar-da, bunday buyuk ijodkor haqida gapirishga haqqim bormi, yo‘qmi bilmayman, – dedi shoirning jiyani Sharifa Mirzahojiyeva. – Cho‘lponning uch singlisi bo‘lgan. Men Foiqa ismli singillarining qizi bo‘laman. Biz maktabda o‘qiganimizda shoir Sobir Abdullaning jiyani Nizomjon Umarov dars berardi. U kishi bizlarga Cho‘lponning avlodlari sifatida katta hurmat bilan munosabatda bo‘lardi. Afsuski, bu yerda Cho‘lponning shaxsiy buyumlari yo‘q. Lekin shunday bo‘lsa-da, mazkur ko‘rgazma Cho‘lpon haqida qiziqarli ma’lumot berishi shubhasiz. Bilasizmi, sho‘rolar davrida milliy istiqlol, erk va ozodlik kuychisi Cho‘lpon haqida mutlaqo gapirilmas edi. O‘tgan asrning 80-yillari oxiriga kelibgina, Cho‘lpon ijodi tilga tushdi. 1991 yilda Cho‘lpon “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi. Meni hayratlantirgani - Cho‘lponning ijodiga  nainki o‘zimizning qorako‘zlar, balki turli millat vakillari juda qiziqishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

Darxaqiqat, ushbu ko‘rgazma Cho‘lpon ruhiyatiga uyg‘un ekani, bu esa musiqa, fotografiya, arxiv hujjatlari vositasida juda ajoyib tarzda ochib berilgan.

 

Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri