O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Sirdaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan Sirdaryo viloyat qon qo‘yish stansiyasida 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom, "D" ro‘yxatda turmaydigan shaxslarni qon donorligiga jalb qilish, qon quyishga muhtoj bemorlarga yordam berish maqsadida "Men donorman" shiori ostida xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
O‘tkazilgan xayriya aksiyasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Sirdaryo viloyat kengashi raisi A. Mirzaxonov boshchiligida kasaba uyushmasi a’zolari va tibbiyot xodimlari faol ishtirok etishdi.

Aksiyada tibbiyot xodimlari nafaqat donor,tibbiyot xodimi sifatida ham ishtirok etib, tibbiyot sohasiga aloqador bo‘lmagan ishtirokchilarga donorlikning ahamiyati va uning tibbiy jihatlari to‘g‘risida ma’lumot va tavsiyalar berishdi.
– Men qon donori sifatida o‘zimni sog‘lom va mas’uliyatli inson sifatida his qildim,– deydi "Men donorman" aksiyasida ishtirok etgan Akbarxon Mirzaxonov.– Bunday jarayonda his-tuyg‘ular boshqacha bo‘ladi. Qon topshirish jarayonidan oldin tibbiy tekshiruvlardan o‘tdim. Bu nafaqat mening, balki boshqa donorlar uchun ham xavfsizlikni ta’minlashga yordam beradi. Qon donorligida ishtirok etishning nafaqat tibbiy jihatlari, balki ma’naviy ahamiyati ham bor. O‘ylaymanki, “Men donorman” aksiyasida ishtirok etgan va qon topshirgan kishining qoni shifoxonalarda yotgan bemorlarga yordam beradi, ularga umid baxsh etadi.

Sirdaryoda o‘tkazilgan "Men donorman” xayriya aksiyasi salomatlik bilan bog‘liq jiddiy muammosi bor, qon preparatlariga muhtoj bemorlarga ko‘rsatiladigan yordamlardan biri bo‘lib, jamiyatda birdamlik va qardoshlikni kuchaytirishga, fuqarolarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirishga katta hissa qo‘shdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri