Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Men baxtliman! Ikkinchi umr berildi (+video)
19:04 / 2021-09-27

O‘sh viloyati Novqat tumanida tug‘ilganman. 1990 yili Qirg‘izistondan Toshkent davlat universiteti, hozirgi Milliy universitetning jurnalistika fakultetiga oltin medal olganim uchun bitta imtihon bilan qabul qilinganman. 1993 yili turmushga chiqib, Farg‘onaga ko‘chib keldik. 1998 yilda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lganman.

Lekin 2014 yilda siz pasport to‘g‘risida qonun chiqqan paytda universitet yotoqxonasida yashagan ekansiz, deya fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun guvohnomani qo‘limga tutqazishdi. Bu guvohnoma bilan saylash, saylanish huquqidan mahrum bo‘ldim. Yana bu hujjat bilan chet elga chiqish mumkin emas edi. Men hattoki o‘zim tug‘ilgan joyim, ona qishlog‘im, ota uyimga ham bora olmasdim. Chegaralarda muammolar bor, qo‘shnichilik munosabatlar ham yaxshi emas edi o‘shanda. Ular ham kelisha olmasdi. Kimningdir to‘yi bo‘lsa, iltimos, telegrammangizga onamning ism-familiyasini ham qo‘shib qo‘yaylik, degan o‘tinch bilan to‘y qilayotgan xonadoniga borardim. Zora onam yoki qaynonamni shu to‘y bahonasida ko‘rib olsam, deb. Faqat telegramm orqali kelishga ruxsat berilgan davrlar ham bo‘ldi.

Eng qizig‘i, Qirg‘izistonga, mening onamni ko‘rgani hamkasbim, qo‘shnim, barcha o‘zbekistonlik borib kelishi mumkinu, ammo menga man’ etilgandi. Aslida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga beriladigan bu guvohnoma men kabi boshqa davlatilarda tug‘iladigan insonlarga berilardi, ammo o‘sha davlatga borish qiyin masala edi.

Yetti yil yaqinlarimni ko‘rish baxtidan mosuvo bo‘ldim. Otamning bog‘ida qizil olmalar pishdi, men bora olmadim, uzib yeya olmadim. Ukalarim, singillarimni ko‘ra olmadim. Qaynonam insult bo‘lib to‘shakka mixlanib qolganida yetolmadim. Faqat duo qildim. Men borgunimga qadar ikki onamni salomat qilgin, omon saqlagin deb.

Fuqarolik berila boshlanganida o‘sha insonlar haqida lavha, material tayyorlash uchun atayin o‘zim borardim. Ham yuqsin-yuqsin uchun, ham ularning dardini, ular kechirgan azoblarni yaxshi his qilardim. Yigirmatalik ro‘yxat chiqishni boshladi avvaliga, qaysi baxtli insonlar bu ro‘yxatga kirdi ekan, deb internet qarardim. Zora, mening ham ism, familiyam chiqib qolsa, deb.

2019 yilni, Yangi yilni kutdim juda intiqlik bilan. Shu yangi yil mening yo‘llarimni ochishiga ishonardim. Nihoyat, men kutgan kun keldi. 1 yanvar kuni, hamma dam oladigan vaqtda menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi va pasportim chiqqanligini, olib ketishim mumkinligini aytishdi. Bilasizmi, pasport stoliga uchib keldim. Pasportni oldimu onamni ko‘rgani bordim.

So‘nggi yillardagi o‘zgarishlar, yangiliklar, yaxshiliklar haqida gap ketganda, men kabi ona uyiga bora olmay ezilganlarga yangi hayot bag‘ishlandi, degan bo‘lardim. Ikkinchi umr berildi, degan bo‘lardim. Men kabi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga aylantirilganlar esa juda ko‘p edi. Mana, bugun emin-erkin, chegaralardan qiynalmay uyga borib kelyapmiz. Bugun to‘laqonli baxtliman, deya baralla ayta olaman. Bir qizim Germaniyada o‘qiyapti. Turkiyadagi dilbandimni, Koreyaga o‘qishga kirgan o‘g‘limni endi bemalol ko‘rib kelishim mumkin. Menga dunyo eshiklari chin ma’noda ochildi. Men baxtliman!

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/wYMtqhMlQyQ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

 

Sohiba Abdurahmonova,

Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasi katta muharriri