Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Men anglagan haqiqatlar
23:00 / 2020-05-15

Bu kichik hikoyalar ana shunday hayot saboqlaridan chiqarilgan xulosalardir.

Ramazon tuhfalari

Ramazon oyining xosiyatli tomonlaridan biri shundaki, insonga bosib oʻtgan hayot yoʻlini tahlil qilishga, yaxshi-yomon kunlarini taroziga solishga, ortiga oʻgirilib, bilib-bilmay qilgan ishlarini sarhisob etishga imkon tugʻiladi. 

Bu kichik hikoyalar ana shunday hayot saboqlaridan chiqarilgan xulosalardir.

Yaxshilikning halovati

Ishdan chiqib, metroga tushayotganimda sobiq hamkasbimni uchratib qoldim. U mendan ishxonadagi oʻzgarishlar, kimlar ishlayotgani, kimlar qayerga ketgani haqida soʻrab qoldi.

– Yaxshi ishlab yurgandingiz, bekor ketib qoldingiz-da, – dedim.

– Oʻsha paytdagi vaziyatni koʻrdingiz-ku, men shoirtabiat odamman. Faktlar, raqamlarga eʼtiborsizroqman. Haydab yuborishgandan koʻra, oʻzim ketaqolay dedimda. Bilasiz, ne-ne qobiliyatli bolalarni boʻshatishdi. Hozirgi ishim tinch, mazza qilib yuribman.

Uning gap-soʻzlaridan sohadan ketib qolganidan pushaymonlikni sezib qoldim.

– Ariza yozmasligingiz kerak edi. Qoʻlingizdan yozish kelardi. Hozir rahbariyatimizda ijobiy oʻzgarishlar boʻlgan. Xoʻp, desangiz, men sizni rahbarga aytaman. Qaytib kelasiz.

Hamkasbimning koʻzlarida nur porladi.

– Qanday boʻlarkin?.. Oradan yillar oʻtib ketdi. Eplay olarmikinman?

U endi oʻzini ustoz oldidagi uquvsiz shogirdday tutardi.

Oradan kunlar oʻtdi. Ish bilan boʻlib, vaʼdam xayolimda turgan boʻlsa-da, hafsala qilmadim.

Bir kuni koʻp yillar oldin birga ishlagan doʻstim telefon qilib qoldi.

– Yangi nashr tashkil qilayapmiz. Qoʻlidan ish keladigan kadrlar kerak. Tanishlardan boʻlsa, ayting.

– Xoʻp, bir oʻylab koʻray-chi? – dedimu darrov sobiq hamkasbim esimga tushdi. Aksiga olib, ishxonada hech kim uning telefonini bilmas ekan. Undan-bundan surishtirib, axiyri topdim.

– Voy, qanday yaxshi? Olisharmikin? – U suyunganini yashirolmadi.

– Ularning sharoiti biznikidan koʻra ham yaxshiroq, – dalda berdim. – Nasib boʻlsa, olishadi.

Mening tavsiyam bilan u yangi joyda ish boshladi. Biron oylardan soʻng biroz xavotir bilan doʻstimga telefon qilib, “kadr”ni soʻradim.

– E, e, gap yoʻq. Eng yaxshi xodimlarimizdan biri. Sizga rahmat!

Shunda koʻnglimda bir oʻzgacha halovat, xursandchilik sezdim. Bu tuygʻu shunday orombaxsh ediki, osmonlarga uchgim kelardi.

Professorning rahmati

Institutni bitirib, oʻzim oʻqigan maktabda oʻqituvchi boʻlib ish boshlaganman. Yosh, qattiqqoʻl edim. Kimki, fanimni bilmasa, jurnalga “2”ni bosardim. Kimning qoʻli notoza, tirnoqlari olinmagan boʻlsa, dazmollangan dastroʻmoli boʻlmasa, jazolardim. Darsimda pashsha uchsa bilinardi.

Bir kuni maktabdan chiqayotganimda 9-sinfda oʻqiydigan olifta kiyingan, mahmadona bir oʻsmir yoʻlimni toʻsdi.

– Domla, dadam sizni menga bir uchrashsin, dedilar.

– E, Erkinboy, dadang kim? Nima ishi bor ekan menda?

– Dadam sovxozda gʻalla omborining mudiri. Akam bosh buxgalter. Siz menga jurnalga nuqul “2” baho qoʻyayapsiz. Boshqa domlalar qalam bilan belgilab, keyin choraklikda toʻgʻrilab qoʻyardi.

– Dadangga ayt, menda ishi boʻlsa, oʻzi kelsin?

– Bu “ikki”larni qoʻyaversangiz, nima boʻladi, domla?

– Nima boʻlardi, sinfda qolasan. Keyingi yilda ukalaring bilan oʻqiysan.

– Dadamning puli koʻp. Maktab direktorimiz biznikidan tez-tez choy ichib turadi. Kuchingiz yetadimi?

Yosh bolaning bu gaplari jahlimni chiqardi.

– Qani koʻramiz, kim kuchli ekan. Bu gaplarimni dadangga borib ayt.

– Shundan soʻng Erkinni alohida nazoratga olib, har kuni undan uyga vazifani soʻray boshladim.

Bir kuni “Oʻtgan darsni kim oʻqib keldi?” deya soʻrasam, qoʻrqa-pisa Erkin qoʻl koʻtardi.

– Qani, doskaga chiq-chi? – dedim ich-ichimdan suyunib. U tutilib-tutilib, qaltiray-qaltiray darslikdagi matnni yoddan aytib berdi.

– Yaxshi. Mana, oʻqisa boʻlarkan-ku? – dedim.

Erkin shundan keyin har kuni mening darsimni oʻqib keladigan, qoʻl koʻtaradigan boʻldi.

Taqdir taqozosi bilan jurnalistika sohasiga oʻtib, tuman, viloyat nashrlarida, matbuot va axborot boshqarmasida ishladim. Yoshim ellikdan oshganda poytaxtga ishga keldim.

Toshkentdagi nahorgi oshlardan birida sochlariga oq oralagan, sip-silliq kiyingan, boʻyinbogʻli bir oʻrta yoshli odam issiq koʻrishdi.

– Meni tanimadingiz-a, domla? – dedi qoʻlimni qoʻyib yubormay.

Koʻzlari, chehrasi tanishday, ammo eslolmadim.

– Men Erkinman, sizning bebosh, mahmadona oʻquvchingiz. Siz bizga bir yil dars bergansiz.

Esladim.

– E-e, Erkinboy, bunday koʻrkam, savlatli odam boʻlib ketibsiz. Uzr.

Quchoqlashib koʻrishdik. Qayerda ishlashini soʻradim.

– Institutni bitirib, Toshkentda qoldim. Hozir kafedra mudiri, professorman. Domla, bu yutuqlarga Siz tufayli erishdim. Bizning maktabimizga oʻqituvchi boʻlib bormaganingizda, qatorlashtirib “ikki” baholarni qoʻymaganingizda, qattiq urishib, tanbeh bermaganingizda, bilmadim, bugun qayerlarda boʻlardim. Meni kitob oʻqishga oʻrgatganingiz, ilm-fanga qiziqtirganingiz uchun Sizga mingdan ming rahmat, domla. Talabalarimga Siz haqingizda koʻp gapiraman. Ishonsangiz, Sizning darslaringizni, bergan uy vazifalaringizni tuni bilan uxlamay yodlab chiqardim...

Uning gaplaridan koʻnglim togʻdek oʻsdi. Demak qishloqda ishlagan yillarim izsiz ketmabdi.

Qoʻrqaman...

Bir doʻstim shunday hikoya qiladi:

– Yosh, olov edik. Kichik bir korxonaga rahbar boʻldim. Qadamimdan oʻt chaqnar, soʻzim keskir edi. Butun idora mening kayfiyatim bilan hisoblashar, hayot goʻzal, turmush farovon edi.

Qoʻl ostimda ishlaydigan “ojiza”lardan biriga koʻnglim sust ketdi. Yangi yil munosabati bilan uyushtirilgan bayram bazmidan soʻng, qizni xilvatga tortib, qoʻlidan ushladim, uchrashib turishga rozilik soʻradim. U qoʻlini tortib olmadi.

– Siz chiroyli yigitsiz, istiqbolingiz bor, ammo oilalisiz. Shuning uchun qoʻrqaman... – dedi muloyim ovozda.

– Nimadan qoʻrqasiz? Men borman-ku, axir. Sizga keladigan balo-qazolarga oʻzim koʻndalang! – Ichimlik meni sher qilgandi.

– Yoʻq, – dedi u bu safar qatiy ohangda qoʻli bilan osmonga ishora qilib. – U hammasini koʻrib turibdi!

Oʻyladim: “Nahotki, shu kichik jussali, jikkakkina qizning aqli yetgan narsaga mening aqlim yetmasa?”

Shundan buyon har safar biron nomaqbul holatga duch kelsam, biron sohibjamol aqlimni oʻgʻirlasa, shu gap esimga tushaveradi.

Meni quvontirgani, keyingi yillarda yurtimizda imon-eʼtiqodli odamlar soni koʻpaymoqda, islom rivojlanmoqda, uning aqidalari keng yoyilmoqda. Ichmaydigan, chekmaydigan bir yangi avlod hayotga kirib kelmoqdaki, biz yoshi kattalar ularning oldida gohida uyalib qolayapmiz. Ayniqsa, imonli, insofli tijoratchilar, savdo ahli koʻpayayotgani kishini xursand qiladi.

– Qizimni chiqarishimiz kerak edi, – deydi bir birodarimiz. – Xotin bilan birga latta-putta olgani Toshkentning “Bek baraka” bozoriga bordik. Koʻp narsa oldik. Uyga kelsak, xaridimiz ichida bir qimmat buyum – soʻnggi modadagi material yoʻq. Xotin qaysi doʻkondan olganimizni esladi. Er-xotin oradan uch-toʻrt soat oʻtgach, bozorga qaytib bordik. Sotuvchi biz unutib qoldirgan matoni bir chekkaga olib qoʻygan ekan.

– Biz narx-navosiga tortishamiz, birodar, – deydi soch-soqoli chiroyli koʻzalgan yosh yigit. – Ammo oʻzganing haqidan qoʻrqamiz.

Qani edi, mana shu tuygʻu har birimizga umr boʻyi xamroh boʻlsa...

Halol rizqning xosiyati

Yoshing ulgʻayib, hayotiy tajribang oshib, yaxshi-yomonni koʻraverganingdan keyin atrofingda boʻlayotgan katta-kichik voqea-hodisalardan saboq chiqaraverar ekansan.

Davlat bergan “dom”ni shahar chekkasidagi chala qurilgan hovliga almashtirib, koʻchib chiqdik. Boisi, farzandlar katta boʻlib qolgan, ularni uylantirish, uzatish uchun hovli bemalolroq edi.

Katta qizimni “dom”dan uzatib koʻrganmiz: oʻzbekning toʻy-tadbiriga “dom” torlik qilar, besaranjom boʻlarkansiz. Olgan hovlimiz shaharning chekkasi boʻlgani uchun yon-atrofi ovloq, mol-hol boqishga qulay ekan. Xotin bilan maslahatlashib, uch-toʻrtta qoʻy-qoʻzi, bir sigir oldik. Mollarni oʻgʻillarim maktabdan boʻsh vaqtiga qarab biri tushlikka qadar, ikkinchisi kechgacha aylantirib kelardi.

Oʻsha kuni uyimizga qishloqdan Bekmirza sinfdoshim kelgandi. Shaharga bir yumush bilan kelibdiyu ishi bitmay ketolmay qolibdi. Namozshomda, podaqaytar mahal oʻgʻlim qoʻy-qoʻzilarni haydab keldi.

Yozning kuni boʻlgani uchun tashqarida chorpoyada oʻtirgandik.

– Dada, sigir yoʻq, – dedi qovogʻini uyib, oʻsmir oʻgʻlim.

– Nega? Koʻzing qayerda edi? Bolalar bilan oʻynab, qaramagansan, – gʻazablandim.

Bolalarim meni sira aldab oʻrganmagan.

– “Chillak” oʻynayotgandik. Qiziqib ketibman. Bir mahal qarasam, sigir yoʻq. U yoqqa chopdim, bu yoqqa chopdim, hech qayerda yoʻq. Mahallaning hamma mollari qaytdi, sigirimiz ular orasida koʻrinmadi, –yigʻlamsiradi u.

Darrov oʻgʻillarni, xotinni mahalla koʻchalariga boʻlib joʻnatdim.

– Uyma-uy soʻrab chiqinglar! – deya tayinladim.

Oʻz-oʻzidan kayfiyat buzildi, oilada besaranjomlik paydo boʻldi. Mahallani aylangan bolalarim va ayolim sigirni topisha olmay suppayib, shalvirab qaytib kelishdi.

Chorpoyada yonboshlab choy ichib oʻtirgan Bekmirza ogʻaynim:

– Siqilmang, domla, – dedi xotirjam. – Sizning sigiringiz yoʻqolmaydi.

– Kambagʻalni tuyaning ustida ham it qopadi, degani shuda, – dedim jahlimni bosolmay.

– Yoʻq, – dedi Bekmirza yana tasalli ohangida. – Siz halol rizq topib yurgan odamsiz. Sizning molingiz yoʻqolmaydi. Meni aytdi, dersiz, ertalab sigiringiz topiladi.

Oʻsha kuni uyquning tayini boʻlmadi. Tongdan bolalarni uygʻotib, poda yoʻliga chiqardim. Bekmirza esa shaharga tushib ketdi.

Bir pas oʻtmay sigirni yetaklab, kichik oʻgʻlim kirib keldi. Sigirning izidan bir loʻli bola ham ergashib kelardi.

– Sigiringiz chopib kelib, mening mollarimga qoʻshilib ketdi. Keyin hech kim soʻramadi. Uyga haydab borib, mollar bilan qamab qoʻydim. Yem, suv berdim, – dedi loʻli bola.

Bizdan sal naridagi qoʻshni mahallada loʻlilar yashashardi. Chiroyim ochildi.

– Ha, nega bu bola ergashib yuribdi? – soʻradim oʻgʻlimdan.

– Sigiringni bir kecha boqib chiqdim. Oʻshaning pulini ber, deyapti.

Kulib yubordim. – E otangga rahmat. Sendan pul aylansin. – Choʻntagimdan pul chiqarib, bolaga uzatdim.

Shundan buyon bu qavm vakillariga oʻzgacha mehr bilan qarayman. Ota-bobolarimiz koʻp gapiradigan, muqaddas kitoblarimizda yozilgan halol rizq, halol loʻqma kabi iboralarning magʻzini chaqqanday, maʼnosini anglaganday boʻldim.

Munofiqning asl yuzi

– Toʻsatdan ertalab ishga kelayotganimda mashina urib ketdi, – deya hikoya qiladi tanish hamkasbim. – Toʻshakda mixlanib qoldim. Bir yil deganda zoʻrgʻa oyoqqa turib, hassada ishxonaga keldim. Shunda betob paytimda biron marta, aqalli telefonda boʻlsa-da, holimni soʻramagan rahbarim “Siz endi ishga yaramaysiz, boʻshash toʻgʻrisida ariza yozib bering” desa boʻladimi?! Muzlab ketdim. Koʻzimga yosh keldi. “Ustoz, bu ahvolda hozir men qayerga boraman, kim meni ishga oladi. Eng past, kichik lavozim boʻlsayam, ishlab turayin. Doʻxtirlar tuzalib ketasiz deyishayapti” deya yigʻlab yubordim. “Yoʻq, – dedi rahbar qatʼiy. – Men oʻrningizga odam olib qoʻyganman”.

Eh-he, men bu odamning qancha xizmatlarini qilgandim... Yaxshiyam, qarindosh-urugʻ, oshna-aynilar bor ekan, bir amallab oyoqqa turdim. Endi men bu insonni qanday qilib “ustoz” deyman. Ismini eshitsam, gʻazabim qoʻziydi...

Tanishim aytgan rahbarni tanirdim. Insof, diyonat, halollik haqidagi maʼruzalarini koʻp eshitganman. Yigʻilishlarda insoniylik, ezgulik, vatanparvarlik toʻgʻrisida joʻshqin nutqlar soʻzlardi. Ammo ishi, amali gapiga mos kelmas, ikki yuzlama odam edi. Ishga olayotganda hatto farroshdan ham taʼma qilar, yosh qizlarga koʻz suzar, oʻzim chiqqan tepa omon boʻlsin, deydiganlar toifasidan edi.

Qirq yildan ortiq ish faoliyatim davomida turli xarakter, feʼl-atvordagi rahbarlarni koʻrdim, baʼzilari bilan birga ishladik. Qattiqqoʻl, halol, bagʻrikeng, professional mutaxassislar sohaga hayotini bagʻishlagan kishilar qatorida maishatparast, manfaatparast, qoʻrqoq va ayyor, xudbin, shuhratparast, mansabparastlar bilan muloqot qilishga toʻgʻri kelgan.

Mening nazarimda, ular orasida jamiyat uchun eng xavflisi munofiqlikdir. Agar munofiq rahbar boʻlsa, u boshliq idora, tashkilotning uyi kuydi, deyavering.

Munofiqdan davr oʻtgach, shogirdlar, shotirlar uzoqlashib, muammolar girdobida yolgʻiz qoladi. Bunga hayotda koʻp bora guvoh boʻlganmiz. “Nima eksang, shuni oʻrasan”, deganlari shu boʻlsa kerak-da!