“Memorial Baxtiyor Holmirzaev – 2025” turnirida yosh shaxmatchilar reyting ochkolariga ega bo‘ldi
Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida “Shuhrat” medali sohibi, ko‘plab mahoratli shaxmatchilar murabbiyi Baxtiyor Xolmirzayev xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Memorial Baxtiyor Holmirzaev – 2025” xalqaro reyting turniri o‘z nihoyasiga yetdi.
Mazkur musobaqada 12 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston chempionati sovrindorlari hamda 2000 dan yuqori reytingga ega 4 nafar shaxmatchi ishtirok etdi.

Mahoratli shaxmatchilarni aniqlash hamda ularning reyting ko‘rsatkichlarni baholash yo‘lida tashkil etilgan turnirda 9 imkoniyatdan 7,5 ochko to‘plagan Xondamir Elmirzayev g‘oliblikka erishishi ortidan o‘z reytingiga 74 ball qo‘shishga muvaffaq bo‘ldi. Keyingi o‘rinlar 7 ochko jamg‘argan Temur Shavkatov va Bahodir Xolmirzayevga nasib etdi.

12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida 4,5 ochkoga ega Munazzam Satvaldiyev g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA