O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Koreya Respublikasi Puchon universiteti hamda Toshkent shahridagi Puchon universiteti nodavlat ta’lim tashkiloti o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Ushbu Memorandum doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, ta’lim jarayoni sifatini oshirish, shuningdek Janubiy Koreya tajribasi asosida O‘zbekiston Respublikasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash ko‘zda tutilgan, deyiladi Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining 2-bosqich Pedagogika kollejlari bitiruvchilarini Toshkent shahridagi Puchon universitetining 2-bosqichiga o‘tkazishni nazarda tutuvchi “2+2” ta’lim dasturi doirasida qo‘shma loyiha amalga oshiriladi. Koreya Respublikasi mutaxassislari ishtirokida mamlakatimiz maktabgacha ta’lim tizimining mustahkam ilmiy bazasi yaratiladi hamda tizimli ravishda pedagog kadrlar tayyorlanadi, qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sohasidagi yutuqlar va pedagogik tajribalar almashinuvi amalga oshiradi.
Ta’kidlanishicha, Memorandum Yangi O‘zbekiston istiqbolli manfaatlariga to‘liq javob beradi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini tayyorlash, shu bilan birga ta’lim tizimida jahon yetakchilari, shuningdek O‘zbekistonning ishonchli iqtisodiy hamkori bo‘lgan Koreya Respublikasi bilan tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA