Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Me’mor - 2025” IV Arxitektura mukofoti g‘oliblari aniqlandi
12:52 / 2025-10-06

Toshkentda “Me’mor - 2025” IV Arxitektura mukofotining to‘rtinchi mavsumiga yakun yasalib, g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi tanlov xalqaro maqomga ega bo‘lib, O‘zbekiston, Ukraina va Gruziya arxitektorlari va dizaynerlarini birlashtirdi hamda short-listga kiritilgan ishlarning ommaviy ko‘rgazmasini taqdim etdi.

Tadbir Knauf kompaniyasi tomonidan tashkil etildi. 2025 yilgi mavsum esa O‘zbekiston Yosh arxitektorlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Taqdirlash marosimi “Sanoat qurilish bank” va “O‘zqurilishmateriallari” AJ ko‘magida bo‘lib o‘tdi.

Marosim kuni 101 ta loyiha namoyish etildi. Ular orasida 73 ta professional arxitektor va interer dizaynerlari ishlari, 23 ta oliygoh talabalarining loyihalari, shuningdek 5 ta “Jurnalistika” toifasidagi ishlar mavjud.

Mukofot dasturi xususiy va jamoat arxitekturasi, interer dizayni, urbanistik yechimlar hamda shahar muhiti bilan bog‘liq turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi. Mukofot jamg‘armasi jami 250 million so‘mni tashkil etdi. Knauf kompaniyasining O‘zbekistondagi korxonalar rahbari Dmitriy Deripalko shunday deydi: 

– Bu yil “Me’mor” haqiqatan ham xalqaro loyihaga aylandi. Bu biz uchun nafaqat yangi maqom, balki mintaqa professional hamjamiyati oldidagi mas’uliyatning yangi bosqichi. Biz allaqachon keyingi mavsum loyihasini geografiyani kengaytirgan holda tayyorlamoqdamiz: O‘zbekiston, Ukraina va Gruziyaga Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari qo‘shiladi. 

Mamlakatimiz me’morlari global kun tartibiga dadil kirib borayotganini ko‘ryapmiz: ular barqarorlik haqida o‘ylaydi, kontekst va material bilan e’tiborli ishlaydi, xalqaro sahnada ishonch bilan raqobat qiladi. Knauf uchun me’mor va dizaynerlarga xalqaro ekspertiza tajribasiga kirish imkonini berish ham muhim. Ana shunday bilim almashinuvi sohaga rivojlanish sur’atini beradi va shahar muhitining, demakki, insonlar hayotining sifatini oshiradi.

[gallery-25612]

Tanlov ishlarini xalqaro ekspertlar hay’ati baholadi. Baholash mezonlariga ijodkorlik, innovatsionlik, badiiy va funksional sifat, mahalliy kontekstga hurmat va barqarorlik tamoyillariga rioya qilish kiradi.

Mukofot doirasida asosiy sovrinlardan tashqari faxriy diplomlar, hay’at maxsus mukofoti, “KNAUF. Interer+” tanlovining maxsus mukofoti va “E’TIROF” — arxitekturaga qo‘shilgan hissa uchun maxsus mukofotlar ham berildi.

“Me’mor - 2025” IV Arxitektura mukofotining xalqaro darajaga ko‘tarilishi mintaqada arxitektura sohasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochib, shahar muhitining sifatini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

Dildora DO‘SMATOVA,

Asliddin Alijonov (surat), O‘zA