Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Meloni Yevropani harbiy kuchayishga undadi
11:07 / 2025-12-15

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Rimda bo‘lib o‘tgan “Atreju” siyosiy anjumanida Yevropa xavfsizligi masalasida keskin bayonot bilan chiqdi.

Rasmiyning ta’kidlashicha, AQSH prezidentining tashqi siyosatdagi yangi yondashuvi Yevropadan asta-sekin chekinishni anglatmoqda va bu sharoitda Yevropa o‘z mudofaa salohiyatini mustaqil ravishda mustahkamlashi zarur.

Meloni so‘nggi 80 yil davomida Yevropa xavfsizligi Qo‘shma Shtatlar zimmasiga yuklab kelinganini, ammo buning evaziga siyosiy va strategik bog‘liqlik yuzaga kelganini qayd etdi. Uning fikricha, mintaqa teng huquqli global kuch sifatida mustaqil harbiy-siyosiy tuzilmani shakllantirishi lozim. 

Yig‘inda hukumat koalitsiyasi yetakchilari ham navbatdagi saylovlar arafasida birdamlikni namoyon qildi. Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Yevropaning sanoat va qishloq xo‘jaligi manfaatlarini himoyalash zarurligini urg‘uladi.

Tadbirda Yevropa konservatorlari va islohotchilari guruhi vakillari ham ishtirok etib, parlamentda yangi siyosiy muvozanat shakllanayotganini ta’kidlashdi. Xorijiy delegatlar orasida Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Italiya bilan siyosiy muloqotni yuqori baholadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA