Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashgan sharoitda italiyaliklarning xavfsizligini ta’minlash hukumatning asosiy ustuvor vazifasi ekanini ta’kidladi. Bu masala Rimdagi Palatsso Kiji qarorgohida o‘tkazilgan ikki alohida yig‘ilishda muhokama qilindi — biri hukumat a’zolari, ikkinchisi esa mamlakatning yirik energetika kompaniyalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda axborot hamkorimiz - “ANSA” nashri yozmoqda.
Ta’kidlanishicha, hukumat yig‘ilishida mamlakat tashqi ishlar vaziri Antoniu Tayani, mudofaa vaziri Gvido Krozetto, atrof-muhit va energetik xavfsizlik vaziri Jilberto Piketto Fratin hamda bosh vazir devoni vakillari ishtirok etgan. Unda Yaqin Sharqdagi so‘nggi vaziyat tahlil qilinib, mojaro hududlarida bo‘lgan Italiya fuqarolariga yordam ko‘rsatish va ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar muhokama qilingan.
Meloni hukumati bu borada barcha zarur qadamlarni tashlashga tayyor ekanini bildirib, vaziyatni doimiy nazorat ostida ushlab turishini ta’kidladi. Shuningdek, o‘lkaning yirik energetika kompaniyalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda energiya ta’minoti va bozor barqarorligini saqlash masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA