Yil avvalida Samarqand viloyatidagi to‘rt sektor hududida bittadan mahallada “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etishga kirishilgandi. Jumladan, viloyat birinchi sektori bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanining Melixo‘ja mahallasida keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari boshlangandi.
Melixo‘ja Kattaqo‘rg‘on tumanining hududiy jihatdan eng katta va olis, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan sharoiti og‘ir mahallasi hisoblanadi. 1200 ga yaqin xonadonda 5,5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. 7155 gektarni egallagan mahalla tarkibida 5 ta qishloq, 12 ta ko‘cha mavjud.
Besh oy davomida olib borilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari tufayli mahalla zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Yangi ichimlik suvi, elektr energiyasi tarmoqlari tortildi, yo‘llar ta’mirlandi, bir nechta ijtimoiy soha obyekti yangidan qurildi, mavjudlari ta’mirlandi.
[gallery-17757]
Xususan, ichki ko‘chalarning 2,2 kilometr qismi joriy ta’mirlandi, 15 kilometr yo‘lga asfalt, 28 kilometr tuproq yo‘lga tosh yotqizildi, 2,2 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etildi. 2 ta yangi transformator punkti o‘rnatilib, 14 tasi kapital ta’mirlandi, 37 kilometr SIP kabellar, 3,1 kilometr yangi elektr tarmog‘i tortildi. 730 ta yangi temir-beton ustun, asosiy ko‘chalarga 84 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. 3 ta gaz taqsimlash punkti va 2,8 kilometr gaz tarmog‘i ta’mirlandi.
– Viloyat hokimligi va homiylar ko‘magida o‘ta og‘ir sharoitda yashovchi, ehtiyojmand 16 oilaning turarjoyi joriy va kapital ta’mirlandi, 857 ta xonadon ta’mirlanib, obodonlashtirildi, – deydi Melixo‘ja mahallasi raisi Nizom Xudoyorov. – 220 dan ortiq xonadonning kommunal soha bilan bog‘liq muammosi hal etildi. E’tiborlisi, mahalla uchun yangi bino qurildi. Mahalla binosi yonida xotin-qizlar uchun tikuvchilik sexi tashkil etildi.
Mahalladagi bitta umumta’lim maktabi mukammal, uchtasi joriy ta’mirlandi. Aholi uchun to‘rtta sport maydonchasi tashkil etildi. Futbol maydoni ta’mirlanib, qariyb 2200 metr piyodalar yo‘lagi qurildi. Melixo‘ja qishlog‘idagi 19-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qariyb 4 milliard so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy qiyofaga, “Gulobod” oilaviy shifokorlik punkti yangicha ko‘rinishga keltirildi.
Bulardan tashqari, mahallada erkaklar sartaroshxonasi, ayollar “Go‘zallik saloni”, dorixona, oziq-ovqat mahsulotlari do‘koni, choyxona va boshqa savdo markazlari tashkil etildi. 26 gektar maydonda uzumchilik bog‘i yaratildi.
Aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishida 44 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 21 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 48 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilib, 61 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qildi.
Mahalla aholisi salomatligini yaxshilash maqsadida 1702 kishi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 16 nafar fuqaroga davolanish uchun viloyat shifoxonalariga yo‘llanma, 9 kishiga reabilitatsiya-texnik vositalari yetkazib berilib, 1,5 mingga yaqin melixo‘jaliklar bepul dori-darmon bilan ta’minlandi. Ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan 20 nafar fuqaroga 471 million so‘mlik turli yordamlar ko‘rsatildi, 17 nafariga 170 million so‘mlik asbob-uskunalar xarid qilish uchun subsidiyalar ajratildi.
Mahalladagi yangi obyektlarning ochilishi va shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirlarda viloyat hokimi E.Turdimov va viloyat faollari, tuman hokimligi mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi bunyodkorlik ishlarida ishtirok etgan va hissa qo‘shgan homiylar, quruvchi, pudratchilarga minnatdorchilik bildirdi. Yurtimizda inson qadrining ulug‘lanayotgani, qishloqlar aholisi uchun shahardagidan kam bo‘lmagan sharoit yaratishga e’tibor berilayotgani va bu ishlar davom etishini ta’kidladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari