Qishloq xo‘jaligida barqaror hosildorlikka erishish, avvalo, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati va suv xo‘jaligi infratuzilmasining samarali ishlashiga bog‘liq. Shu maqsadda Jizzax viloyatida nasos stansiyalari faoliyatini takomillashtirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan amaliy seminarlar tashkil etildi.
Jumladan, Zomin tumanida joylashgan “Hulkar-1” nasos stansiyasida “Nasos stansiyalari faoliyatini takomillashtirish hamda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish” mavzusida o‘tkazilgan seminarda sohaning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Tadbir davomida nasos agregatlarining uzluksiz va samarali ishlashini ta’minlash, elektr energiyasidan oqilona foydalanish, zamonaviy energiya tejamkor uskunalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, nasos stansiyalarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali elektr sarfini sezilarli kamaytirish, ekspluatatsiya xarajatlarini qisqartirish va suv ta’minoti barqarorligini ta’minlash mumkin. Bu esa sug‘orish tizimi ishonchliligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Shuningdek, Sharof Rashidov tumanida joylashgan Meliorativ ekspeditsiya tomonidan “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda mashina-mexanizmlardan samarali foydalanish” mavzusida tashkil etilgan seminar ham amaliy ahamiyati bilan ajralib turdi. Unda sug‘oriladigan yerlarda sho‘rlanish va suv chiqib ketishi kabi salbiy holatlarning oldini olish, kollektor-drenaj tarmoqlarini o‘z vaqtida tozalash, meliorativ tadbirlarni agrotexnik talablar asosida sifatli bajarish masalalari atroflicha tushuntirildi.

Xususan, mavjud texnika va mexanizmlardan unumli foydalanish, ularni mavsumga to‘g‘ri tayyorlash, ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish orqali yerlarning meliorativ holatini barqaror saqlash mumkinligi qayd etildi. Bu esa yer unumdorligini oshirish, suv resurslaridan tejamkor foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Qayd etilganidek, bunday amaliy seminarlar sohadagi mutaxassislar bilim va tajribasini boyitish, meliorativ ishlar samaradorligini oshirish orqali qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri