Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Melioratsiya – mo‘l hosil garovi
11:25 / 2016-03-09

Qashqadaryo viloyatida 2008-2015-yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturi doirasida 131 milliard so‘mlik 224 yirik loyiha amalga oshirildi.

Qashqadaryo viloyatida 2008-2015-yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturi doirasida 131 milliard so‘mlik 224 yirik loyiha amalga oshirildi.

Viloyatda mavjud ochiq zovurlarni tizimli ta’mirlash-tiklash, yopiq-yotiq drenajlarni yuvish, tik meliorativ va kuzatuv quduqlarini ta’mirlash, kollektor-drenaj tarmoqlari bilan ta’minlanmagan yerlarda yangi zovurlar qurish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar tuproq unumdorligini oshirish, mahsulot yetishtirish hajmining o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2013-yil 19-apreldagi “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘layotir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatda 28 loyiha hayotga tatbiq etilib, 923 kilometrdan ziyod kollektorlarni qurish va rekonstruksiya qilish hamda tizimli ta’mirlash-tiklash bo‘yicha 38 milliard 861 million so‘mlik ish bajarilgan. Xususan, 152 kilometr uzunlikdagi yangi kollektor va yopiq-yotiq drenajlar qurilgan. 77,42 kilometr kollektor rekonstruksiya qilinib, 693,2 kilometr kollektor tozalangan.

– Meliorativ tadbirlar muntazamligi mo‘l hosil garovidir, – deydi Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimi havza boshqarmasi rahbari Botir Rahimov. – Davlatimiz tomonidan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z samarasini berayotir. Tizimda faoliyat yurituvchi pudratchi korxonalar soni ortib, ularning zamonaviy va tejamkor texnikalar bilan ta’minlanayotgani ish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili amalga oshirilgan shunday chora-tadbirlar tufayli viloyat hududidagi kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar 1,53 ming gektarga kamaydi, sizot suvlari sathi 2 metrgacha bo‘lgan 2,8 ming gektar maydon yaxshilandi, 37,56 ming gektar maydonda sizot suvlari sathini meyor darajasida saqlashga erishildi.

Mutaxassislarning fikricha, melioratsiya tadbirlarining sifatli bajarilishi tuproqda ekin uchun qulay bo‘lgan suv va havo, harorat va oziq rejimini, atmosferaning yer yuzasiga yaqin qatlamida havoning harorati hamda harakatini o‘zgartirish imkonini beradi. Natijada yangi yerlar o‘zlashtirilib, ekin maydonlari kengayadi, yer unumdorligi ortib, hosildorlik oshadi, mahsulot sifati yaxshilanadi. Shu bois, mamlakatimizda zovur tarmoqlarining ulkan infratuzilmasi yaratilgan. Mazkur infratuzilmani ishchi holatda saqlash qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirishga zamin yaratuvchi eng muhim omillardan sanaladi.

O‘tgan yili olib borilgan ana shunday meliorativ tadbirlar natijasida viloyatdagi 715 fermer xo‘jaligining 41 ming 89 gektar sug‘oriladigan maydoni meliorativ holati barqarorlashdi.

Koson tumanidagi “Kazak bobo” fermer xo‘jaligining yer maydoni ham turli darajada sho‘rlangani bois hosildorlik past edi. O‘tgan yili kollektorlarda tizimli ta’mirlash-tiklash ishlari nihoyasiga yetkazildi. Natijada fermer xo‘jaligi jamoasi g‘allachilik va paxtalikda hosildorlikni 10-15 sentnerga oshirishga erishdi.

– Bir necha yil davomida yerdan kutilgan hosil ololmadik. Mehnatga yarasha natija bo‘lmasdi, – deydi ushbu fermer xo‘jaligi rahbari Suyun Kazakov. – G‘alladan ham, paxtadan ham hosildorlik 20 sentnerdan oshmasdi. Yerimiz atrofidan o‘tgan zovur ikki sira qazilib, zax suvlar qochirildi. O‘tgan yildan boshlab hosildorlik 30-35 sentnerga yetdi. Hozirgi kunda ekin maydonimiz atrofidagi ariqlarni loyqadan tozalash, suv tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini yakunlab, yerni chigit ekishga hozirlab qo‘ydik. Yerning meliorativ holatini yaxshilash va suvdan oqilona foydalanish fermerlardan har tomonlama omilkorlikni talab etadi. “Erni boqsang – yer seni boqadi”, degan naql bejiz aytilmagan. Bu yildan umidimiz katta.

2013-2015-yillarda viloyatning 21 irrigatsiya obyektida 55 milliard 510 million so‘mlik ish bajarildi.Jumladan, Qamashi tumanida Qo‘ng‘ir, Jayilma nasos stansiyalari, Mirishkor, Qarshi, Muborak, Koson tumanlarida 24 kilometrlik irrigatsiya tarmoqlari ishga tushirildi. Buning natijasida 15 ming gektar yer maydonida suv ta’minoti yaxshilandi. Ko‘p yillardan buyon foydalanilmay kelayotgan Eski Beshkent kanali qayta tiklandi. Uning 4,6 kilometri rekonstruksiya qilindi va 1,7 kilometrlik yangi lotok tarmog‘i qurildi. Bu Qarshi shahrining Chaqar, Charmgar, Maxsumobod, Geolog, Mag‘zon va Qilichbek-qo‘rg‘oncha mahallalaridagi aholining 500 gektar tomorqa yerlarini oqar suv bilan ta’minlash imkonini berdi.

Joriy yilda ham bu kabi tadbirlar davom ettirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyatdagi 19 obyektda qurilish-rekonstrukiya ishlari amalga oshiriladi.