Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Meliorativ ishlar ko‘zdan kechirildi
11:32 / 2025-12-04

So‘nggi yillarda respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham suv resurslariga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda.

Suvni tejash, qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori natijaga erishish va suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish maqsadida yirik meliorativ va infratuzilma loyihalardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Mirzaobod tumanida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Vazirga  tuman hokimi Abdurahim Umarov, Quyi Sirdaryo Irrigatsiya tizimi boshlig‘i Nurkamol Otaqulov  va sohaning mas’ul mutaxassislari hamrohlik qilishdi.

Safar davomida tuman hududidan o‘tgan 4-R va 18-A avtomagistral yo‘li bo‘yidagi 29 gektarlik yer maydonini o‘zlashtirish ishlari ko‘rib chiqildi. Bu yerda sug‘orish tizimining texnik imkoniyatlari, mavsumiy ehtiyojlar va loyihaning amaliy bosqichlari muhokama qilindi.  

Shundan so‘ng D–3 kanalining 6,8 kilometr qismida betonlashtirish ishlari o‘rganildi. Maxsus brigadalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar sifati, belgilangan muddatlarga rioya etilishi va texnikadan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

 – Betonlashtirish va meliorativ ishlar suv yo‘qotilishini kamaytiradi, yerlarning sug‘orish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu hosildorlikning oshishiga bevosita ta’sir qiladi. Har bir metr inshoot sifatli bajarilsa, kelgusi yillar uchun mustahkam asos yaratiladi, –deydi Quyi Sirdaryo Irrigatsiya tizimi boshqarmasining boshlig‘i Nurkamol Otaqulov.

Safar davomida vazir aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi va o‘z tavsiyalarini bildirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri