Meksikada avtobus jarlikka quladi
Meksikada yo‘lovchi tashuvchi avtobus jarlikka tushib ketib, 18 kishi, jumladan, 11 nafar ayol halok bo‘ldi. Voqea natijasida 33 kishi yaralangan.
Bu haqda “Anadolu” yozgan.
Mamlakat g‘arbidagi Nayyarit shtatida og‘ir baxtsiz hodisa yuz berdi. Mashina shtat poytaxti Tepik shahri va Tinch okeani sohilidagi Xalisko shtati kurort shaharchasi Puerto-Valyartani bog‘lovchi katta yo‘l bo‘ylab harakatlangan. Haydovchi boshqaruvni yo‘qotgach, avtobus yo‘ldan chiqib ketgan va chuqur jarga qulagan.
Falokat yuzasidan surishtiruv boshlangan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan suratlar yo‘lovchi avtobusidan bir bo‘lak metall uyumi qolganidan guvohlik beradi.
Milliy sog‘liqni saqlash instituti ma’lumotiga ko‘ra, Meksika yo‘l harakati hodisasi qurbonlari soni bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinni, Lotin Amerikasi mamlakatlari orasida 3-o‘rinni egallaydi.