"El Trisolor" ilk uchrashuvini 1923-yilda o‘tkazib, Gvatemalani 3:2 hisobida mag‘lub etgan.
Joriy yilda AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlari Jahon chempionati bahslariga mezbonlik qiladi.
Mundialning "A" guruhidan mezbon Meksika terma jamoasidan tashqari, Janubiy Afrika Respublikasi, Janubiy Koreya va pley-off bosqichida g‘alaba qozonadigan yana bir terma jamoa joy oladi.

Mundiallardagi ishtiroki
Meksika milliy terma jamoasi shu vaqtga qadar o‘tkazilgan 22ta mundialning 17tasida ishtirok etgan. Shimoliy Amerika qit’asi vakillarining Jahon chempionatlaridagi eng yaxshi natijasi chorak final bosqichi hisoblanadi. Ular 1970- va 1986-yillarda o‘z yurtlarida bo‘lib o‘tgan mundialda kuchli sakkizlikdan joy olgan edi. Oxirgi Jahon chempionatida terma jamoa guruh bosqichining o‘zida musobaqa bilan xayrlashgan edi. Meksika 3-marta JCHga mezbonlik qilmoqda. Shu vaqtga qadar hech bir mamlakat 3 marta mundialga mezbonlik qilmagan.
"El Trisolor" ilk uchrashuvini 1923-yilda o‘tkazib, Gvatemalani 3:2 hisobida mag‘lub etgan. Jamoaning eng yirik g‘alabasini 1987-yilda qayd etgan. O‘shanda ular Bagama Orollari terma jamoasini 13:0 hisobida mag‘lub etgan. Eng yirik mag‘lubiyat esa Angliyaga qarshi uchrashuvda kuzatilgan 0:8. Meksika 13 karra Konkakaf Oltin kubogi sohibi hisoblanadi. Terma jamoaning FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni 4-pog‘ona hisoblanadi. Ayni vaqtda esa ular 16-o‘rinni egallab turibdi.

Eng yaxshi futbolchilari
Jamoa safida eng ko‘p o‘yinda ishtirok etgan futbolchi Andres Guardado hisoblanadi. U 178ta uchrashuvda Meksika terma jamoasi safida maydonga tushgan. Eng yaxshi to‘purar esa MYu va "Real" sobiq hujumchisi Xavyer Ernandes Chicharito bo‘lib turibdi. Chicharito Meksika terma jamoa safida 52ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.

Yozda start oladigan 48ta terma jamoa ishtirokidagi ilk mundialda Meksika dastlabki uchrashuvini 12-iyun kuni Janubiy Afrika Respublikasiga qarshi o'tkazadi. 2-turda esa Janubiy Koreyaga qarshi 19-iyun sanasida bahs olib borsa, so‘nggi turda pley-off bosqichi g‘olibiga qarshi 25-iyun kuni maydonga tushadi.