Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mehrigiyo” istiqboli
09:47 / 2024-07-13

Oramizda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, ularni qayta ishlab, yuqori sifatli organik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Mehrigiyo” kichik korxonasining faoliyati hamda bu yerda ishlab chiqarilayotgan shifobaxsh, eng muhimi, tabiiy mahsulotlar haqida eshitmaganlar kam bo‘lsa kerak.

Zero, 1992 yili tabiatshunos olim Alijon Abdurazzoqov asos solgan korxona bugungi kunga kelib, maftunkor yurtimizning turizm brendlaridan biriga aylanib ulgurdi.

Ayni kunlarda 520 gektar ekin maydoniga ega bo‘lgan korxonada inson salomatligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi papayya, guava, lavanda, zaytun, kivi, xandon pista kabi o‘simliklardan 50 xildan ortiq yuqori sifatli tabiiy mahsulotlar tayyorlanmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning savdosi Rossiya, AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, BAA, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda ham yo‘lga qo‘yilganligi, yaqin kunlarda ular qatoriga Saudiya Arabistoni, Germaniya, Yaponiya kabi mamlakatlarning qo‘shilishi ushbu korxona salohiyatidan darak berib turibdi. Elu yurt orasida “Mehrigiyo” nomi bilan mashhur bo‘lgan maskan “Salomatlik” ordeni sohibi Alijon Abdurazzoqovning ko‘p yillik izlanishlari mahsuli ekanligini e’tirof etishimiz lozim.  

E’tiborlisi, Alijon aka ayni kunlarda ham erishilgan natijalar bilan cheklanib qolish niyatida emas. U o‘g‘li Olloyor ko‘magida korxona faoliyatini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan yangi loyihalar borasidagi harakatlarni izchillik bilan davom ettirmoqda. Yaqinda Alijon Abdurazzoqovlar oilasi hayotida yana bir unutilmas voqea ro‘y berdi. Joriy yilning 28 iyun kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari bir guruh faol yoshlar bilan suhbatlashdi. Mazkur muloqotda oilaning kichik farzandi Olloyor Abdurazzoqov ham ishtirok etdi.

[gallery-18250]

– Prezidentimiz bilan bo‘lgan muloqotda lavanda plantatsiyasini tashkil qilganimiz tufayli har yili yurtimizda “Lavanda festivali”ni o‘tkazishni yo‘lga qo‘yganimiz, korxonamizda 300 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz bandligi ta’minlangani hamda imkoniyati cheklangan tengdoshlarim uchun ish o‘rinlari yaratish borasidagi yangi loyihalarimiz haqida gapirib berdim, - deydi Olloyor Abdurazzoqov. – Rejalarimiz Prezidentimizga ma’qul kelib, loyihamizni amalga oshirish uchun zarur ko‘mak ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Bundan yanada ruhlanib, o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarni ishtiyoq bilan amalga oshirishga kirishdim. Niyatimiz bitta – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishdir.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA