Hilola Norova Buxoro shahridagi kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 11 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
Joriy yilda muallima «Ustoz – 2021» tanlovining final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, «Mehridaryo ustoz» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
– Bu yutuqda o‘quvchilarimning hissasi katta, – deydi u. – Chunki ular meni izlanishga, ishlashga va ijod qilishga undab turadigan ilhom farishtalarimdir.
Dastlab to‘garak rahbari, tarbiyachi, keyin esa ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi sifatida eshitish va so‘zlash qobiliyati cheklangan bolalarga mehr berdi. Ularning qalbini ilm nurlari bilan yoritib, dunyoni boshqalar kabi teran anglashlariga yordam bermoqda.
– Bolaligimda gapira olmaydigan qo‘shnilarimiz bo‘lardi, – deydi Hilola. – Ular nuqul imo-ishoralar bilan nimalarnidir tushuntirishga urinardi. O‘shanda ularga yaqin bo‘lish, anglash va qandaydir yordam berishdek kuchli istak tug‘ilgan. Shuning uchun ham oliygohni tugatgach, hech ikkilanmay, maxsus maktab-internatiga ishga kelganman.

Muallima bu yerdagilar bilan tez til topishgan. Ularning fe’l-atvoridagi murakkab jihatlarni, o‘ziga xos xususiyatlarni anglashga, muammolarini bartaraf etishga astoydil harakat qiladi. Bu borada ilmiy, ijodiy izlanishlar olib boradi. Bu izlanishlar samarasi bo‘lgan “Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga Abdulla Qodiriy ijodini o‘rgatishda innovatsion usullarning o‘rni”, “Islohotlar-kelajak quyoshi”, “Eshitishda nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanlarini samarali o‘qitish”, “Muvozanat-mulohaza”, “Qadrdon telefon”, “Eshitishida muammosi bo‘lgan o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanlarini o‘rgatishda o‘qituvchi va pedagog kadrlar uchun samarali va zamonaviy o‘qitish usullari tatbiqi” kabi ilmiy-adabiy maqolalari respublika, viloyat gazeta va jurnallarida chop etilgan. Pandemiya davrida o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishga yo‘naltirilgan bir nechta onlayn darslar muallifi sifatida Respublika ta’lim markazi tomonidan rag‘batlantirildi.
Ayni paytda izlanuvchan o‘qituvchi eshitishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun metodik qo‘llanma va darslik yaratish ustida ish olib bormoqda.
Zarif Komilov, O‘zA