English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehridaryo insonlar bor bo‘lsin
09:00 / 2021-11-12

Buxoro viloyati Jondor tumanida yashovchi Ahad Saidov va Marhabo Behbudovalar oilasi Buxoro shahridagi 32-sonli “Mehribonlik uyi”dan 5 nafar bolani o‘z tarbiyasiga oldi.

Mazkur oila arizasiga binoan Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi mas’ullari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Dastlab, oila vakillari bilan bolalarni asrab olish bo‘yicha belgilangan muddatda o‘quv darslari o‘tkazildi. Oila vakillari bolalar hayoti bilan tanishtirildi. Yashash xonadoni tegishli tartibda o‘rganilib, tarbiyalanuvchilar uchun qulay sharoit yaratildi.

–Albatta, mehrga muhtoj bolalarning boshini silash, unga mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizga xos yuksak insoniy fazilat, – deydi Marhabo Behbudova. – Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona, degan gap ham bejizga aytilmagan. Shu yurtda, jamiyatda yashayotgan har bir bolaning, u kimning zurriyodi bo‘lishidan qat’iy nazar, kelajagiga befarq bo‘lmay, unga mehr-e’tibor ko‘rsatsak, nafaqat ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan asragan bo‘lamiz, balki yosh avlod oldidagi insoniy burchimizni ham ado etgan bo‘lamiz.

“Oilaviy bolalar uyi”ga davlat tomonidan moliyalashtirilgan 1,5 ta shtat ajratilgan bo‘lib, har bir bolaning oylik oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladi.

 

Zarif Komilov, O‘zA