Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehribonlik uyida bolaga zo‘ravonlik qilingani aniqlandi
08:18 / 2022-02-11

Bolalarga mehr ko‘rsatish eng yuksak insoniy fazilatlardan sanaladi.

Ayniqsa, bolaning ota-onasi va boshqa yaqinlari bo‘lmasa unga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilish zarur. Mehribonlik uylari aynan shunday bolajonlarni bag‘riga olgan bo‘lib, bunday muassasalarda o‘g‘il-qizlarning yashashi, o‘qishi uchun sharoitlar yaratilgan. 

    Bola qayerda yashashi yoki bo‘lishidan qat’iy nazar, uning huquqlari, xususan, har qanday zo‘ravonlikdan himoyalanishi qonun bilan kafolatlangan. 

- Agar bola turli jismoniy, ruhiy bosimlarga uchrasa, bu uning salomatligiga, to‘laqonli rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. - deydi Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova. –O‘z navbatida, bu uning ta’lim olishi va ijtimoiylashuv qobiliyatini pasaytiradi. Afsuski, oilalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, ijtimoiy norma hisoblanib qolmoqda, Ko‘pincha uning oqibatlari muhokama qilinmaydi. “Farzandni tarbiyalash uchun jismoniy kuch jazo sifatida ishlatilishi mumkin”, deb hisoblaydigan ota-onalar bor. Achinarlisi, zo‘ravonlik maktablarda ham mavjud. 

Joriy yil yanvar oyida Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga Toshkent shahrida joylashgan 21-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan A. ismli bolaga B. ismli (erkak) tarbiyachisi kuch ishlatib, jismoniy tazyiq o‘tkazayotgani haqida ma’lumot kelib tushdi. 

Bola huquqlari bo‘yicha vakil ushbu holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi. 

Tarbiyalanuvchi A. bilan suhbat o‘tkazilganida, yuqoridagi holatlarni tasdiqladi. Uning o‘ng tirsak sohasi lat yeb, ko‘kargani ma’lum bo‘ldi. 

Shuningdek, tarbiyalanuvchining so‘zlariga ko‘ra, navbatchi tarbiyachi yuqoridagi holat bo‘lishidan oldin ham bir necha marotaba uning tanasining turli joylariga urib tan jarohati yetkazgan. Biroq, u qo‘rquv ostida ushbu holatlar haqida hech kimga murojaat qilmagan.

Monitoring jarayonida tarbiyalanuvchining tanasi shifokorlar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning tanasida ko‘kargan yaralar borligi, so‘zlariga ko‘ra, bosh qismida ham og‘riq mavjudligi aniqlandi.

Tarbiyalanuvchi A. navbatchi hamshiraning oldiga tushib, o‘ng ko‘lining lat yeb, ko‘kargan tirsak qismiga surtma dori surdirganlik holati “Ambulator jurnali”da qayd etilmagani ham  ma’lum bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga holatni o‘rganib, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan tan jarohati yetkazilganligiga huquqiy baho berilishi so‘raldi. 

Shu bilan birga, kelgusida A.ga nisbatan bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli xil tazyiq va boshqacha ta’sirlarning oldini olish maqsadida navbatchi tarbiyachini mehnat qonunchiligiga muvofiq vaqtinchalik ishdan chetlatish masalasi ko‘rib chiqilishi uchun Xalq ta’limi vazirligiga xat kiritildi.

Aliya Yunusovaning aytishicha, bolalar zo‘ravonlik holatlari haqida ko‘pincha gapirishga qo‘rqadi. Chunki zo‘ravonlik qilgan shaxslar “aytsang battar bo‘ladi” qabilida ularni qo‘rqitib qo‘ygan bo‘ladi. Shuning uchun ham ular bunday paytda kerakli yordamni ololmaydi. 

Shu o‘rinda qayd etib o‘tish kerakki, Mehribonlik uylarining juda ko‘p tarbiyalanuvchilari ota-onalari, yaqinlari bo‘lgani holda muassasalarga tashlab ketilgan. Shuning o‘zi ham bolaga nisbatan qilingan zo‘ravonlik shakllaridan biri hisoblanadi. 

Zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishi, albatta, qoralandi. Bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilgan shaxs esa qonun oldida javob beradi. 

Ushbu holatning natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beramiz. Bizni kuzatib boring.

 

                                                         Norgul Abduraimova, O‘zA