Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari muammosi nazoratga olindi
16:46 / 2021-08-10

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Aliyev, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi mas’ul rahbarlari va boshqa mutasaddilar bilan birgalikda Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyiga bordi.

Mazkur muassasada tarbiyalanayotgan 82 nafar ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan tarbiyalanuvchilarning yashash va bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Ularning maqsadi, kayfiyati, o‘y-xayollari bilan qiziqdi.

O‘rganish jarayonida aniqlangan bir qator masalalarni hal etish, shuningdek, muassasa faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ishchi guruh tuzildi. Chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan holda ijrosi nazoratga olindi. 

Joriy yilning 28 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish, shuningdek, ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida vazirlik hamda davlat idoralariga qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur yig‘ilishda Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyi Ichki ishlar vazirligi otalig‘iga berilgan edi. Muassasada ta’lim tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tarbiyalanuvchilarning ta’lim olishi, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yashash sharoiti va ish bilan ta’minlash borasida mavjud muammolarini bartaraf etish vazifalari yuklatildi.

Shundan so‘ng Sh.Aliyev Buxoro shahrining Piridastgir mahallasida joylashgan Mehribonlik uyida tarbiya topgan, hozirgi kunda Buxoro shahridagi Yoshlar binosida istiqomat qilib kelayotgan fuqarolarning holidan xabar oldi. Ularning yashash sharoitlari, ish bilan ta’minlanganligi, muammolari bilan yaqindan tanishib, murojaatlarini qabul qildi.

O‘rganish jarayonida aniqlangan muammolar va murojaatlardan kelib chiqib, mehribonlik uyi bitiruvchilarining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, ularni ish bilan ta’minlash, ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi. Mutasaddilarga aniq va manzilli topshiriqlar bergan holda ijrosi alohida nazoratga olindi. Bunda asosiy e’tibor murojaatlarning joyida bartaraf etilishiga qaratildi.

Zarif Komilov, O‘zA