Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehri daryo xalqing, elparvar Yurtboshing bor, yigʻlama, ona...
17:03 / 2020-05-11

Joylari shohistai jannatdan boʻlgur rahmatli otajonim, “Barvaqt turib, Allohdan rizq-roʻz soʻra, rizq-roʻzingni beradi.

Joylari shohistai jannatdan boʻlgur rahmatli otajonim, “Barvaqt turib, Allohdan rizq-roʻz soʻra, rizq-roʻzingni beradi. Sahar turib, eshik-derazangni ochib soʻrasang, Yaratgan egam beradigan rizq-roʻzini farishtalari orqali qoʻshaloq qilib joʻnatadi” deganlari uchun har kuni erta-sahar uygʻonib, derazamni ochib, beshikast, beziyon shu tongga yetkazganiga Allohga shukrona aytib, roʻzgʻorimga qut-baraka, farzandimga kamolot, ishlarimga rivoj, yurtimga tinchlik soʻrayman.

Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy qilingan karantin sabab, kimdir mashinada, yana kimdir piyoda ishga, oʻz yumushlari bilan shoshayotganlar avvalgidek emas, sanoqli.

Keyingi 2-3 yil davomida butunlay oʻzgacha ajib chiroy kashf etayotgan Guliston koʻchalari huvullab qolgan. Har kuni, maktabgacha taʼlim muassasasiga “borgim kelmayapti” deya injiqlik qilib, istamay boradigan qizalogʻim “Oyijon bogʻchamiz qachon ochiladi, bogʻcha opamni, oʻrtoqlarimni sogʻindim, uyda zerikib ketayapman, ayting bogʻchamizni ochishsin, endi hecham kasal boʻlmayman, oʻrtogʻlarim ham kasal boʻlishmaydi” deya oyogʻimga osiladi...

Har doimgidek, erta sahar turib, yuvinib, eshik derazalarni ochdim, Xudodan xonadonimga farishtalarini yuborishini, oʻzim, farzandim va jigarlarimning rizq-roʻzini ziyoda qilishini soʻragach, nonushta qildim.

Derazalarni yopish maqsadida yaqinlashgandim, tandirdan uzilgan issiqqina bugʻdoy nonining hidi dimogʻimni qitiqladi. Qishlogʻim, bolaligimdan onajonimning erta sahardan tandirdan issiq nonlarni uzib, “Qani bolalarim issiqligida saryogʻ bilan yeb olinglarchi, kuni bilan toʻq tutadi. Tunov otang Margʻilondan olib kelgan xon atlasdan uchchalovingga ham koʻylak-lozim qilib tiktirib qoʻydim. Otang rayon markaziga 1-may bayramiga olib boradi” degan gaplari xayolimdan oʻtadi.

Shu payt bexosdan telefonim jiringlab, bir choʻchib tushdim-da, shosha-pisha borib tugmasini bosdim. “Alo, alo, Mohi, qishloqdagilaringiz bilan gaplashdingizmi? Tinch ekanmi? “Sardoba” suv ombori urib ketib, butun tumanni suv bosibdi...”, deya hovliqqancha bir tanishimning aytgan gaplarini eshitib, butun tanamdan muzdek ter chiqib ketdi, boʻshashib, qoʻlimdan telefonim tushib oʻtirib qoldim.

Bilmadim, bir kun oʻtdimi, bir soatmi yoki bir daqiqami, oʻzimga kelib telefonni oldim, haligi tanishim, hali nimalarnidir toʻxtovsiz telefonda gapirardi, qulogʻimga kirmadi. Beixtiyor qizil tugmachasini bosib oʻchirdimda, lekin nima qilmoqchi ekanim yodimdan chiqib, biroz oʻylanib qoldim. “Seni qishlogʻingni suv bosdi” dedimi? Shartta, qishloqqa, akamga telefon qildim. Telefonimdan: “Raqam oʻchirilgan yoki xizmat doirasidan tashqarida boʻlishi mumkin!” degan javob eshitildi. Yana qayta-qayta terdim, xuddi oʻsha javob. Nima qilarimni bilmay, oyogʻi kuygan tovuqdek, uyning u tomonidan-bu tomoniga, boʻzchining mokisidek borib kelardim.

...Yurtimizga fasllar kelinchagi bahor kirib kelishi bilan koronavirus pandemiyasi ham kirib kelib, karantin joriy qilindi. Aprel oxirlariga kelib, Buxoro viloyatida tarixda boʻlmagan, misli koʻrinmagan tezlikdagi nihoyatda kuchli dovul tufayli, koʻp joylarni vayronaga aylantirdi.

Oradan hech qancha vaqt oʻtmay “Sardoba” suv omboridagi oʻpirilish natijasida yuzaga kelgan toshqin tufayli Sardoba, Mirzaobrd, Oqoltin tumanlaridagi 5 ta qishloq suv toshqinidan jiddiy talofat koʻrdi. Ofat yuz bergan ushbu joylar aynan men tugʻilgan Mirzaobodda va oʻqib ulgʻaygan Sardoba tumani. Hozir har ikki qishloqda mening jon-jigar, qarindosh-urugʻlarim yashaydi.

Yaqinda yoʻqotgan otamdan qolgan bogʻ, otam asrab, avaylab, ekkan har bir nihol, xayolimda shunday loyqa tagida qolgandek, tuyulaverdi. Ehtimol kimlargadir bu gaplarim erish, kulgili tuyular. Buni otasini yoʻqotganlar, izlarini, hislarini sogʻinganlargina his qila oladi. Bu uylarda otamning panja izlari qolgan. Bogʻlarida ekkan daraxtlari, tukkan mevalari qolgan. Men axir bularni qanday unutay?!.

Qizimni qoʻlidan tutdimu, hech narsani oʻylamay qishloqqa yoʻl oldim. Shunday paytda yoʻl ham rosa choʻzilib ketar ekan. Farzandimning “Endi shahardagi bizning uyimiz nima boʻladi, oyijon degan soʻzlari”, bir kirib, bir chiqib ketdi. Bora-borguncha yoʻllarda koʻrgan dahshat, odamzodning joni ofat oldida hech narsa emasligining isbotini oʻz koʻzim bilan koʻrib ketdim. Nihoyatda mashina oynasidan qishlogʻim koʻzga tashlandi.

“Bu qishloq nisbatan balandlikda joylashganligi sabab toshqin chiqmadi-da” deya bizga tushuncha beradi haydovchi.

Haqiqatdan, ham avvallari eʼtibor qilmagan ekanmanmi, Yangiobod mahalla fuqarolar yigʻini nisbatan balandlikda joylashgan ekan. Shu sabab bu ofat qishlogʻimizni chetlab oʻtibdi.

Haqiqatdan ham, ertaga nima boʻlishini oldindan bilib boʻlmas ekan. Men tugʻilgan Mirzaobod tumanidagi Navbahor mahalla fuqarolar yigʻini, men kamol topgan Sardoba tumanidagi bizga qoʻshni Qoʻrgʻontepa mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi ahvolni koʻrib, ishonsangiz, yigʻlab yubordim.

Axir oʻzingiz oʻylang, yemay, ichmay, kiymay, misqollab yigʻsa-yu, uy solib, bogʻ yaratsa, yaxshi niyat bilan mol-hol qilsa, shuning barchasi bir necha soatda suvga gʻarq boʻlsa?!. Bunga qanday izoh berish mumkin? Bundan dahshatlirogʻi ham bormikan?

Xudoga ming shukur xalqimizning baxtiga Shavkat Mirziyoyevdek oqil, jasur, matonatli, elparvar, xalqparvar, yurtparvar insonni bizga yoʻlboshchi – Prezident qilib qoʻygan. Fojia kuniyoq davlatimiz rahbari voqea joyi – fojia epedsentriga tikka bordi. Vayron boʻlgan qishloqlarni koʻzdan kechirdi. Mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, viloyat faollari, evakuvatsiya qilinganlar bilan uchrashdi, suhbatlashdi.

Qanchadan-qancha davlat ishlari qarab turgan boʻlsada, Prezidentimiz 2 kun davomida, xavf bartaraf etilmagunicha fojia joyidan ketmadi.

...Aslo sarosimaga uchmang, tushkunlikka tushmang, buzilgan uylar oʻrniga zamonaviy yangi uylar quramiz. Yoʻqolgan mol-mulkingizni tiklaymiz, suv payhon qilgan ekin-tikiningizni tiklash uchun yer beramiz, ishsizlarni ish bilan taʼminlaymiz. Ozroq sabr qilib, mehnat qilsangiz bas, hammasi yana oʻz iziga tushadi, deya taʼkidladi Prezidentimiz.

Bu gaplarini eshitib, qishloqdagi onam turgan uy boʻlishiga, Gulistondagi oʻzim yashayotgan koʻp qavatli kvartiram boʻlsada, goʻyo oʻzimni yap-yangi uyda, hozirgina sogʻilgan sigir sutiga iylangan xamirdan bogʻ toʻridagi tandirda patir yopgandek his qildim.

Sardobadan uyimga Guliston shahriga qaytar ekanman, yoʻlda Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin tumanlaridagi toshqin jiddiy zarar yetkazgan 5 ta qishloq sari mamlakatimizning Gʻarb, Sharq, Shimol va Janubidan kelayotgan “Saxovat koʻmagi” – oziq-ovqat, kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, turli maishiy, madaniy, qurilish mollari ortilgan yuk mashinalari kelayotgan avtokarvonning adogʻini koʻrmadim. Axir bu oʻzbekning, butun oʻzbekistonliklarning ehsonlariku, senga sardobalik elim!

E-ey, jonajon xalqim, senchalik mehri daryo, bagʻri keng, qalbi osmonlardek begʻubor yana boshqa bir xalq – yer yuzida bormikan-a? Xalqini, yurtini har nedan ustun, xalqi, yurti uchun har nega qodir yana boshqa Prezident boshqaradigan davlat bormikan yer sharida-a?

“Sardoba” suvlari yon qoʻshnimiz, Qozogʻiston davlatining Turkiston viloyati Maxtaaral tumanidagi Sirdaryo viloyati bilan chegaradosh 2-3 posyolkaga ham oʻtib ketdi. Oʻzbekistonni turli texnikalari, qurilish, tiklash brigadalari Qozogʻiston posyolkalarini tiklashga kirishdi.

Nima boʻlganda ham, qozoqlar ham turkiy el, dinimiz bir. Mayli, ularning posyolkalarini ham tiklab beramiz. Biz bagʻri keng andishali xalqmiz. Bizning aybimiz bilan yuzaga kelgan muammoni hatto, boshqa davlat hududida boʻlsa-da oʻzimiz bartaraf etishga oʻrgangan xalqmiz.

Yoʻlda kelayotganimda, shaharga kirgan joydan sal oʻtib, yoʻl chetida oʻrta yoshlardagi bir ayol yigʻlab oʻtirganiga koʻzim tushdi. Haydovchidan toʻxtatishini soʻradim. “Bu yerda uzoq vaqt turib boʻlmaydida, opcha” dedi haydovchi norozi ohangda. Men, bu yogʻiga oʻzim piyoda ketishimni aytib, tushib qoldim. Ayolning yoniga borib, nima sababdan yigʻlayotganini surishtirdim. Qizini oʻtgan yili Sardoba tumanidagi Doʻstlik mahallasiga turmushga uzatgan ekan. Qudasining bir uyida 3-4 oila yashayotgani uchun qiz taraf pul yigʻib, yangi loyihalar asosida qurilgan uyning boshlangʻich badalini toʻlab, yangi namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylardan birini olib bergan ekan. Uy toʻyi qilganiga hali 6 oy ham boʻlmagan ekan. Ana shu uydan asar ham qolmabdi, shunga, endi boshpanani qayerdan topadiyu, unga pulni qayerdan oladi, deb yigʻlayotgan ekan, ona shoʻrlik.

E-ey, ona, sirdaryolik onajonlar yigʻlamang!

Axir shunday qalbi daryo xalqimiz, xalq suyar Yurtboshimiz sizlarni talafotlar, muammolar bilan yolgʻiz oʻzingizni yuzma-yuz qoldirarmidi? deya butun shaharga, yoʻq-yoʻq viloyatga, respublikaga, butun jahonga baqirgim keldi.

Mohira YULDASHEVA,

Sirdaryo viloyati