Jamiyatda alohida e’tiborga muhtoj bolalar va katta yoshli insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z tengdoshlari qatori jismoniy jihatdan sog‘lom insonlar bilan tengdek jamiyatga aralashuvi uchun sport musoboqalarini o‘tkazish, ularning ruhiy va madaniy dam olishini tashkil etish zarur.
“O‘zbekiston Maxsus Olimpiadasi” Respublika jamoat birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan ana shu maqsadda chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Bo‘zatov tumanida imkoniyati cheklangan bolalar ishtirokida “Mehr quyoshidan baxt topgan insonman” mavzusida xayriya konsert dasturi tashkil qilindi. Tadbirda 60 nafardan ziyod imkoniyati cheklangan bola va yosh estrada xonandalari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Bolalarning sportga bo‘lgan mehrini yanada oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida ular orasida shashka va arqon tortish bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Bundan tashqari, Chimboy tumani, Nukus shahrilik va mahalliy imkoniyati cheklangan bolalarning Bo‘zatov tumani markazidagi yangidan qad ko‘targan binolar va e’tiborga sazovor joylarga sayohati tashkil etildi.
Tadbirda “Aydin avlod” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari tomonidan 2010 yili tug‘ilgan ehtiyojmand Elmira To‘libayevaga nogironlik aravachasi topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA