Qarshi shahrida joylashgan “Imkon” reabilitatsiya markazi bu – nafaqat davolash muassasasi, balki bolalarning orzu va kelajagi uchun ochilgan yorug‘ eshikdir.
Markazning maktabgacha ta’lim bo‘limida 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 150 nafar alohida ehtiyojga ega bola tarbiyalanmoqda. Ularning har bir mashg‘uloti – nutqiy mashqlar, jismoniy tarbiya, ertak terapiya yoki musiqiy darslar hayotga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Reabilitatsiya markazida esa har oyda yuzlab bolalar zamonaviy trenajyorlar, fizioterapiya apparatlari va maxsus xonalar yordamida sog‘lom hayot sari qadam tashlaydi. Oftalmotrenajyor xonasida ko‘zlarini mashq qilayotgan bola, audio sinfxonada tovushlarni tinglab o‘rganayotgan kichkintoy, massaj xonasida yengillik topayotgan o‘smir – bularning barchasi suratlarda jonli hikoya kabi aks etadi.
Markazning har bir burchagi bolalarning imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Ijtimoiy moslashuv xonasi ularni jamiyatga tayyorlaydi, art terapiya xonasi esa tasavvur dunyosini ranglarga burkaydi. Musiqa terapiyasida esa bolalar ilk bor o‘z qalb ohangini topadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Y3-3uw2gxZw" title="Mehr va imkoniyat makoni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid NORQOBILOV (surat, video), O‘zA