Mehr va e’tiborga yo‘g‘rilgan saboqlar
...Maktabgacha tayyorlov guruhida qiziqarli mashg‘ulot boshlandi. Tarbiyachi-logoped "Parrandalar hovlisiga sayohat" deb nomlangan mavzuni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida interaktiv usulda o‘tmoqda.
...Maktabgacha tayyorlov guruhida qiziqarli mashg‘ulot boshlandi. Tarbiyachi-logoped "Parrandalar hovlisiga sayohat" deb nomlangan mavzuni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida interaktiv usulda o‘tmoqda.Noutbukda “Jo‘ja” multfilmini namoyish etgan tarbiyachi endi o‘rtaga topishmoq tashlaydi. Bolajonlar birin-ketin qo‘l ko‘tarib, javobni eng birinchi aytishga chog‘lanadi.
– Bunday qiziqarli o‘yinlarda televizor, DVD, komputer, so‘zlovchi alifbo va boshqa tarqatma materiallardan unumli foydalanish lozim, – deydi poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 525-maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi logopedi, “Shuhrat” medali sohibasi Oydin Ibragimova. – Bu bolalarning nutq madaniyatini o‘stirish, matematik tasavvurlarini boyitish, mantiqiy fikrlashini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Oydin Ibragimova o‘n besh yildan buyon kichkintoylarga saboq beradi. Ushbu ta’lim muassasasi nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan bo‘lib, tarbiyachilar bilan bir qatorda logopedlar ham mehnat qiladi.
Muassasaga kirib borar ekansiz, go‘yo ertaklar shaharchasiga tushib qolgandek bo‘lasiz. Hovlida suv havzasi, suv jonivorlari...
Maskanda ta’lim-tarbiya ishlari “Bolajon” dasturi asosida tashkil etilgan. Pedagog, ruhshunos, logoped, ingliz tili, jismoniy tarbiya va musiqa mutaxassislaridan iborat ahil jamoa tarbiyalanuvchilarning har bir kuni mazmunli o‘tishi yo‘lida sidqidildan mehnat qiladi.
Ta’lim muassasasidagi "Kamalak", "Olmaxon", "Lola", "Quyoncha", "Qaldirg‘och", "Binafsha", "Quyoshcha", "Marvarid" kabi guruhlarning xonalari bolalarning ruhiyati, beg‘ubor va boy tasavvuridan kelib chiqqan holda jihozlangan, ozoda va shinam. Devorlarga turli mavzularda yorqin, e’tiborni tortuvchi, kishiga estetik zavq bag‘ishlovchi rasmlar chizilgan. Turli-tuman o‘yinchoqlar o‘g‘il-qizlarning har tomonlama ta’lim-tarbiya olishi, syujetli-rolli o‘yinlar o‘ynashi uchun xizmat qiladi.
Bolalarning ilk bilimlari shakllanishi, tafakkur doirasi kengayishi, mustahkamlanishi va boyishida qiziqarli mashg‘ulotlar muhim sanaladi. Shu bois mashg‘ulotlar davomida xalq ertaklari, dostonlar, maqol va tez aytishlar, topishmoqlardan samarali foydalaniladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ushbu tizim faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
525-maxsus maktabgacha ta’lim muassasasida pedagog kadrlarning malakasini yanada oshirishga, o‘quv reja va dasturlarni zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni inobatga olgan holda takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, insondagi fe’l-atvor tug‘ma bo‘lsa-da, uni besh yoshga qadar o‘zgartirish – tarbiyalash mumkin. Farzandlarimizning ayni shu yoshda oila yoki maktabgacha ta’lim muassasalari bag‘rida bo‘lishini inobatga olsak, bu ota-ona va tarbiyachi-murabbiylarga katta mas’uliyat yuklaydi.
Oydin Ibragimova ushbu mas’uliyatli vazifani sidqidildan his etadi, o‘z ustida tinmay izlanib, malakasini oshirishga intiladi. U faoliyatini endigina boshlagan kezlarida defektologiya sohasida adabiyotlar kam, o‘quv-qo‘llanmalar yo‘q edi. Shu bois yosh mutaxassis bilimini oshirish maqsadida sohaga doir xorijiy adabiyotlarni o‘rgandi, ularni o‘zbek tiliga tarjima qildi, yangi metodik qo‘llanmalar yaratdi. Pedagogning "Quvnoq harflar" nomli ilk qo‘llanmasi ko‘plab tarbiyachi-logopedlarning og‘irini yengil qildi. "Bolalar nutqini rivojlantiruvchi maxsus o‘yinlar" nomli ikkinchi kitobida maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ko‘p yillik tajribasini umumlashtirdi va kitob hamkasblarining yaqin dastyoriga aylandi.
– Nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalarni o‘qitish, tarbiyalash va qayta tarbiyalashning ilmiy asoslangan tizimini ishlab chiqishga harakat qilmoqdamiz, – deydi O.Ibragimova. – Nutqni korreksiyalash orqali biz, logopedlar bolaga muloqot erkinligi, jamiyat hayotida faol ishtirok etish, maktabda muvaffaqiyatli o‘qish va rivojlanish imkonini berishimiz kerak. Bu hamkorlikda ishlashni taqozo qiladi. Logoped va defektolog, tarbiyachi, hamshira ishtirokida qiziqarli o‘yinlar asosida tashkil qilingan yakka tartibdagi hamda umumiy mashg‘ulotlar bolalarning nutqini o‘stirishga, diqqatini jamlashga ko‘maklashadi, xotirasini mustahkamlab, fikrlash doirasini kengaytiradi.
Logopedning ta’kidlashicha, maktabgacha yoshdagi bolalar bilan olib boriladigan mashg‘ulotlarda didaktik o‘yinlarning ahamiyati katta. Ularni keng qo‘llash bola tafakkuri, idroki, zehni, xotirasi, irodasi, bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va ehtiyojining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Oydin Ibragimova o‘yinlarni bolalarning yoshi va ruhiy rivojlanishiga qarab tanlaydi. Ta’lim yo‘nalishidagi o‘yinlar orqali bolalarda mustaqillik, faollik, ijodkorlik, masalaga ongli yondashish malakasini o‘stirib borishga harakat qiladi.