18 noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
Jizzax shahrida 18 noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan jamiyatda mehr, hamjihatlik va insonparvarlik fazilatlarini yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi ezgu tashabbus amalga oshirildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga qarashli Jizzax “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat kengashi tashabbusi bilan, Markaziy harbiy garnizonning ikki harbiy qismi, SCHR batalyoni ofitser va harbiy xizmatchilari, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, faxriylar kengashi hamda jamoatchilik vakillari hamkorligida “Mehr ulashamiz” nomli xayriya tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining faol talaba-yoshlari, harbiy orkestr a’zolari ham ishtirok etib, internat tarbiyalanuvchilari uchun bayramona muhit yaratdilar. Ular tomonidan qo‘shiq va she’rlar ijro etildi, samimiy suhbatlar tashkil qilindi. Shuningdek, mehr va e’tibor ramzi sifatida ayollarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Bayramona ruhda o‘tgan uchrashuv davomida mehmonlar tarbiyalanuvchilar bilan muloqot qilib, ularning hayot sharoiti va ehtiyojlari bilan tanishdilar. Shuningdek, vatan bayrog‘iga bo‘lgan hurmat va iftixor tuyg‘usi, insonparvarlik, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

“Mehr ulashamiz” aksiyasi ishtirokchilari bu kabi xayrli tashabbuslar nafaqat ehtiyojmandlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, balki yoshlarda bag‘rikenglik va ezgulik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA