Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Mehr ulash — qon topshir!" xayriya aksiyasiga start berildi
17:50 / 2021-09-13

Adliya vazirligining tashabbusi bilan "Mehr ulash—qon topshir" shiori ostidagi xayriya aksiyasiga start berildi.

Xususan, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan ham ushbu aksiya uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Unda boshqarma boshlig‘i M.Kurbanov xayriya qon topshirish aksiyasini ko‘ngilli sifatida boshlab berdi. Shuningdek, boshqarma hamda Samarqand shahridagi FHDYO bo‘limlari, Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari ham ixtiyoriy ravishda ishtirok etib, qon topshirishdi.

Donorlikni rivojlantirish va rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur aksiya doirasida Samarqand viloyat Qon quyish markazining sayyor guruhi vakillari xodimlar bilan suhbatlashib, har bir ko‘ngilli donorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Qon topshirish qonun-qoidalarini tushuntirildi.

— Inson organizmida 4,5–5 litr qon bo‘lib, donorlardan 350-450 ml qon olinadi (fiziologik doza), — deydi viloyat Qon quyish markazi sayyor guruh boshlig‘i Abdusalom Jalilov. — Inson organizmi topshirilgan qon miqdorini 36 soat ichida tiklab oladi. Ta’kidlash kerakki, qon topshirish inson uchun albatta xavfsiz. Mamlakatimizda 18 yoshga to‘lgan sog‘lom inson bir yilda 2-4 martagacha qon topshirishi mumkin. Bu turli kasalliklar yoki baxtsiz hodisalar tufayli qonga muhtoj bo‘lgan insonlarning yana hayotga qaytishlariga yordam beradi.

Markaz xodimlarining ta’kidlashicha, viloyatda 2020 yil davomida 27 mingdan, joriy yilning 8 oyida esa 21 ming nafardan ortiq ko‘ngilli fuqarolarimiz qon topshirgan.

— Bir necha yillardan buyon qon topshirib kelaman, — deydi boshqarma xodimi, donor Sayimjon Bahramov. — Bilasizmi, faoliyatim davomida shunday bemorlarni ko‘rganmanki, ularning hayotini asrab qolish uchun hatto bir necha tomchi qon muhim ahamiyatga ega. Shu sabab ezgu maqsadlar bilan ana shunday bemorlarga shu tariqa amaliy yordam ko‘rsatishga harakat qilaman.

Mehr-oqibat, ezgulikning yorqin namunasi bo‘lgan bu kabi tadbirlar bemorlar dardiga shifo topish, ularni sog‘lom hayotga qaytarishda juda zarur.

Eslatib o‘tamiz, aksiya ertaga ham davom etadi.

 

Maftuna Karimova, O‘zA