Adliya vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab "Mehr ulash" shiori ostida keng ko‘lamli donorlik aksiyalari tashkil etilmoqda. Ushbu xayrli tashabbus jamiyatda insonparvarlik, saxovat va hamjihatlik tuyg‘ularini mustahkamlash, shifokorlar yordamiga muhtoj bemorlarga amaliy yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan aksiyada viloyat adliya boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari xodimlari faol ishtirok etdilar. Ular beg‘araz qon topshirish orqali bemorlarga hayot ulashish, aholi orasida donorlik madaniyatini keng yoyishga munosib hissa qo‘shdilar.

– Beg‘araz qon topshiruvchilar safida adliya xodimlarining borligi bizni quvontiradi, – deydi Sirdaryo viloyat qon quyish stansiyasi rahbari Haydar Salomov. – So‘nggi yillarda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlar soni ortib bormoqda. Bu esa qon komponentlariga bo‘lgan talabni ham ko‘paytirdi. Donorlar shunday sharoitda bemorlarga umid, hayot va sog‘lik manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur aksiyada ishtirok etgan Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi huquqiy axborot bo‘limi bosh maslahatchisi Dilnoza Umurzoqova ham donorlik tashabbusi haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– "Mehr ulash" aksiyasi — bu nafaqat qon topshirish, balki insonparvarlik va mas’uliyat ramzidir. Har bir insonning bunday xayrli ishga hissa qo‘shishi uning fuqarolik burchiga hamohang. Donorlik orqali biz bir bemor hayotini saqlab qolishimiz, butun oilaga umid va quvonch bag‘ishlashimiz mumkin. Shu bois adliya tizimi xodimlari bu tashabbusda faol ishtirok etishni o‘zlarining insoniy burchi deb bilishadi.

Aksiya doirasida olingan qon viloyat qon quyish stansiyasida 8 turdagi laboratoriya tahlillardan o‘tkazilib, tibbiy ehtiyojga ko‘ra, gematologiya, jarrohlik hamda shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlariga yetkazib beriladi.

Tashkilotchilar ta’kidlashicha, bunday aksiyalar nafaqat donorlar sonini ko‘paytirishga, balki jamiyatda sog‘lom turmush tarzini, mehr-shafqat va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirishga ham xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri