French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehr-shafqatdan amaliy ko‘makka: ijtimoiy himoyada yangi yondashuvlar
14:17 / 2026-02-07

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlarning markazida inson qadrini ulug‘lash va ehtiyojmand qatlamlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada davlat va jamiyat institutlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, aholining ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish dolzarb vazifalardan biridir. 

Buxoro shahrida “Inson – insonga ko‘makchi” shiori ostida tashkil etilgan ijtimoiy yo‘naltirilgan kouching seminari sohadagi yangilanishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy soha mutaxassislari, mahalla tizimi xodimlari va respublikaning turli hududlaridan kelgan viloyat boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. 

Seminar davomida ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, soha xodimlari o‘rtasida tajriba almashish va aholining huquqiy xabardorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi, ijtimoiy karta joriy etilishi hamda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan yangi xizmatlar bo‘yicha batafsil taqdimotlar namoyish etildi.

– Bugun ijtimoiy himoya tizimi faqat moddiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanib qolmasdan, insonning qadrini ulug‘lash, uni jamiyat hayotiga faol qo‘shish va yangi imkoniyatlar yaratish tamoyili asosida rivojlanmoqda, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Zoirov.  –‘Inson – insonga ko‘makchi’ shiori bugungi islohotlarimizning mazmun-mohiyatini to‘liq ifoda etadi. Biz har bir ehtiyojmand insonni e’tibordan chetda qoldirmaslik, uning muammosiga befarq bo‘lmaslik va amaliyotda yechim topishga qaratilgan tizimni shakllantirishni maqsad qilganmiz. Buxoroda o‘tkazilayotgan bu kabi seminarlar aholi bilan ishlashda yangi yondashuvlarni joriy etish, mutaxassislarning salohiyatini oshirish va joylardagi ijtimoiy muammolarni samarali hal etishda muhim ahamiyatga ega.

Ochiq muloqotlar davomida Shofirkon tumani “Jo‘sho‘ra” mahallasida istiqomat qiluvchi I guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Doniyor G‘aybullayevning irodasi va mehnatsevarligi haqidagi videolavha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi hayotiy misollar ijtimoiy ko‘mak tizimi inson salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor isbotladi.

[gallery-27535]

Buxoroda o‘tkazilgan ushbu seminar ijtimoiy himoya sohasida yangicha yondashuvlarni qaror toptirish va aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Mazkur tadbir jamiyatda mehr-shafqat va o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan birga, kelgusida ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan bu kabi amaliy harakatlar xalq farovonligini ta’minlash yo‘lidagi islohotlarning bardavomligini ifodalaydi.

Zarif Komilov,

 Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbirlari