Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehr-saxovatning katta-kichigi bo‘lmaydi
14:35 / 2023-08-07

Qiynalgan kishilarga yaxshilik qilish, mehr-muruvvat va saxovat ko‘rsatish xalqimizga xos qadriyatlardan. Insoniy qadriyatlar ko‘lami kengayib borayotgani o‘ksik qalblar ko‘ngliga quvonch-shodlik olib kirmoqda.

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, ko‘ngil so‘rab, amaliy yordam ko‘rsatish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. “Namuna” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Nasibaxon Nabijonovaning nogiron farzandi bor. Unga ko‘z-quloq bo‘lish, davolatish va dori – darmon olish uchun birmuncha qiyinchiliklarga duch kelayotgani yuzasidan qilgan murojaati ijobiy yechim topdi. Unga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan bir million so‘m naqd pul ko‘rinishida yordam berildi. Shu mahallada istiqomat qilayotgan Nafisa Nishonboyeva hayotning achchiq-chuchuklariga sabr-bardosh berib yashab keladi. Turmush qurmadi, otasi xastalik sabab vafot etdi.1985 yilda tug‘ilgan akasi 1-guruh nogironi. Ro‘zg‘orni tebratish, xasta akasiga ko‘makchi bo‘lish, davolatish yolg‘iz qiz zimmasiga tushgan. Oilaning yashash sharoiti og‘ir, ijtimoiy ko‘makka muhtoj. Bundan xabar topgan mutasaddilar ko‘magida bu oilaga ham moddiy yordam ko‘rsatildi.

– Mehr-saxovatning katta-kichigi bo‘lmaydi, –deydi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Shahnoza Qahhorova. – Ikki nafar voyaga yetmagan farzandim bor, katta farzandim bolalikdan nogiron. Farzandlarim bilan bo‘lib tayinli ish bilan shug‘ullana olmayapman. Mahalla mutasaddilaridan amaliy yordam berishlarini so‘rab murojaat qilgan edim e’tiborga olindi. Menga moddiy ko‘mak berildi. Hammalariga rahmat.  

Ma’lumot o‘rnida aytganda, joriy yilning shu kuniga qadar “Mahalla” xayriya jamoat fondi Quvasoy shahar bo‘linmasi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan Xalq deputatlari Quvasoy shahar kengashining tegishli qarorlariga asosan 2 ming 12 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar va ularning oila a’zolariga umumiy qiymati 854,3 million so‘m bo‘lgan moddiy yordam ko‘rsatildi.

M.Sulaymonov, O‘zA