English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehr rishtalari bilan bog‘langan ko‘ngil yo‘li
16:14 / 2019-08-16

1991 yil 31 avgust. Tarix o‘zani milliy taqdirimizda tub burilish yasadi.


Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!

1991 yil 31 avgust. Tarix o‘zani milliy taqdirimizda tub burilish yasadi. Xalqimiz, mamlakatimiz hayotida eng ulug‘, eng aziz kun sifatida manguga muhrlanib qoldi.

...Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarni ko‘p kuzataman. Ular taniqli siyosatdonlar, davlat va jamoat arboblari, olim va mutaxassislar, oddiy, ammo ko‘pni ko‘rgan sayyohlar. Yurtimiz mehmonlari mamlakatimizdagi yutuqlarni hayrat va havas bilan ko‘rib, ijobiy xulosalar chiqarmoqda. 

O‘zbekiston ayni kunlarda ulkan qurilish va obodonlashtirish maydoniga aylangan. Zero, shahar ko‘rinishini olayotgan qishloqlarimiz soni oshib bormoqda. Bunday shiddatli taraqqiyotni ko‘rib, buyuk bobomiz Amir Temurning “Bizning kimligimizni bilmoqchi bo‘lsang, biz qurgan imoratlarga boq”, degan so‘zlari qalbimizdan o‘tadi.

Ayniqsa, shahar va qishloqlarimizga ko‘rk berayotgan ijtimoiy inshootlar, namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan uy-joylar, dam olish maskanlari, istirohat bog‘lari, ravon ko‘chalar-u yo‘llar turmush tarzimiz naqadar yaxshilanib, hayotimiz farovonlashib borayotganidan dalolatdir. Eng muhimi, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimizda tinchlik va xotirjamlik barqaror, odamlar ruhiyatida ko‘tarinki kayfiyat hukmron.

Bunday muvaffaqiyatlarning bosh omili, avvalo, davlatimiz siyosatining insoniylik va ezgulik tamoyillari bilan uyg‘unligidadir. Binobarin, mamlakatimizda inson manfaatlari hamma narsadan ustun. Muhimi, har bir insonning huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati, turar joyi, mulki va boshqa daxlsiz huquqlari qonunlarimiz, Prezidentimiz himoyasida.

Insoniylik va ezgulik quruq gap emas. Eng avvalo, Vatan ravnaqi va tinchligi, xalq farovonligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilish, xalqimizni rozi qilish, ayniqsa, odamlar qalbiga quloq solish, ko‘ngliga yo‘l topish. Bugungi kunda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi, yanada muhim pallaga ko‘tarildi.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,9 foiz o‘sdi. Mahalliy budjetlar ixtiyorida 2,6 trillion so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ qoldirildi. Budjet daromadlari qariyb 51 trillion so‘m yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi. Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, bu yil tabiat ham bizga qarashdi. Bobo-dehqonlarimiz xalqimiz dasturxoni uchun 7 million tonnadan ortiq g‘alla jamlab, hammamizni xursand qildi.

Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, mana bu yil biz Mustaqilligimizning 28 yilligini munosib kutib olish taraddudidamiz. Xalqimiz uchun eng ulug‘, eng aziz ayyom, erkin, obod va farovon hayot qurish yo‘lidagi barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimizning asosiy manbai bo‘lgan Vatanimiz mustaqilligining o‘tgan yigirma sakkiz yilida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar evaziga milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari odimlayapmiz. Bu odimlarimiz nafaqat erishayotgan yutuqlarimiz, ma’naviyatimiz, daxldorligimiz, mas’uliyatimiz bilan o‘lchanadi, albatta. Biz faqat erishgan yutuqlarimizga mahliyo bo‘lib qolmasdan, yurt taraqqiyotiga o‘z ulushimizni qo‘shish bilan quvonishimiz kerak.

...Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan – shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz, birinchi navbatda, kim bilan muloqot qilishimiz kerak – odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak – avvalo, xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2016 yilning 14 dekabrida Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida shu so‘zlarni aytganida barchamizning ko‘nglimiz ravshan tortdi.

She’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy:

“El poyasin anglay desang asrorini bil, 
Ko‘nglidagi muddaosin izhorini bil” deb aytganidek, davlatimiz rahbari ishni ko‘ngildan, xalq ko‘nglini taftish qilishdan boshladi.

Ko‘ngil...

Ha, quloqqa oddiygina eshitiladigan bu so‘z zamiridan qalb, dil, yurak kabi tushunchalar o‘rin olgan. U bilan tillashish, uni eshita bilish, unga qo‘l solish naqadar muhim ish ekanligini tezda hamma anglay boshladi.

Xo‘sh, davlat rahbari xalq ko‘ngliga yo‘l topishni nimadan boshladi? Albatta, yuzma-yuz muloqotdan. Uyma-uy, xonadonma-xonadon kirib borishdan. Odamlarni qiynayotgan muammolarni aniqlab, zudlik bilan hal etishdan.

photo5381952514674502884.jpg

Bu ishlarni so‘zda emas, amalda bajarish barcha darajadagi rahbarlarning asosiy vazifasi etib belgilandi. 2017 yil mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilindi. Uning dasturiga xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qiladi, degan tamoyil asos qilib olindi. Bundan tashqari, 2016 yilning 28 dekabrida Prezidentning “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etildi.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Nima uchun Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etildi? Axir xalqning arzi va shikoyatlarini ko‘rib chiqadigan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, mas’ul mansabdor shaxslar, mahalliy hokimliklar vakillari borku?! Gap shundaki, uzoq yillar davomida xalq bilan rahbarlar o‘rtasidagi muloqotlar sustlashib, “xo‘jako‘rsin”ga aylanib qolgandi. Odamlar orasidan kimdir biror rahbarga murojaat qilib kelsa, “shikoyatboz”, “arizaboz”ga aylanardi. Fuqarolar turli tashkilotlar o‘rtasida yillab sarson bo‘lardi. Odamlarning o‘z arzlari bilan birinchi rahbarlar qabuliga kirishi amrimahol bo‘lib qolgandi. Ayniqsa, davlat organlari va mahalliy hokimiyatlarning temir panjaralar ortiga bekinib olganligi odamlarning g‘ashiga tegib, rahbarlarga bo‘lgan ishonchini susaytirgandi. Oqibatda davlat organlari bilan xalq o‘rtasidagi masofa anchagina uzoqlashib qolgandi.

Ha, shu sababli ham mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev islohotlarni inson huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishdan, xalq bilan davlat o‘rtasiga ishonch ko‘prigini o‘rnatishdan boshladi. Inson huquqlarining uch o‘zagidan biri bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining siyosiy huquqlarini, aynan murojaat qilish huquqini amalga oshirishlari uchun keng va teng sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Yurtdoshlarimiz murojaatlariga – o‘z fikr-mulohazalari, o‘ylari, dard-tashvishlari, orzu-armonlariga Prezident darajasida e’tibor qaratilayotganligi har birimiz uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Pirovardida, odamlarning hayotga, davlatga, jamiyatga, kelajakka ishonchi nafaqat mustahkamlanmoqda, ortib ham bormoqda. Barchamiz hayotning mavjud achchiq haqiqatlariga yuzma-yuz kelib, real voqelikning shiddatli to‘lqinida yonib ishlash mumkin ekaniga ro‘y-rost shohid bo‘lmoqdamiz. Bularning barchasi, avvalo, muammolarga tik qarab, ularni bir chetdan hal qilishga kirishilganidan, vatanparvarlikdan, xalqchillikdan, shijoat va jasoratdan dalolatdir.

To‘g‘ri-da. Prezidentimizning ko‘plab qaror va farmonlarida ham o‘z ifodasini topayotgan masalalar aslida xalqimizning qalbida saqlab yurgan orzulari emasmidi?! Xalqimiz hayotida muhim iz qoldirgan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish kechagina o‘z yo‘lboshchisini yo‘qotgan xalqning ko‘ngliga taskin bergan bo‘lsa, atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi sa’y-harakatlar o‘zbek xalqi o‘z fidoyi farzandlarini hech qachon unutmasligining yana bir isboti bo‘ldi.

Ochig‘ini aytish kerak, inson keksaygan sayin izzattalab, mehrtalab bo‘lib qoladi. Mana shunday keksa insonlarni qadrlash, yo‘qlash, ularning holidan xabar olib turishga, kechagi mehnatkash – bugungi nuroniy-faxriylar hurmatini joyiga qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar, “Mehnat faxriysi”, “Mahalla iftixori” kabi ko‘krak nishonlarini ta’sis etish haqidagi farmonlar ko‘pchilikning dilini yayratdi. Bir paytlar Vatan uchun, xalq uchun fidokorona mehnat qilib, kecha yordamga muhtojligi haqida kimga murojaat qilishini bilmay o‘tirgan urush qatnashchilari, mehnat faxriylari izzat-ikrom topa boshladi.

Shuningdek, iqtisodiyotning tamal toshini qo‘yadigan ilm ahli – akademiklar, professor-o‘qituvchilarga alohida e’tibor qaratilmoqda, ular e’zozlanmoqda, zahmatli mehnatlari munosib qadrlanmoqda. Hech kim e’tibordan, mehrdan chetda qolgan emas. Shu jumladan, yoshlar uchun ham keng va teng sharoitlar yaratilgani, ko‘pchilik yoshlarni sarson-sargardon qilib qo‘ygan nostrifikatsiya muammolari o‘z yechimini topgani, oliy ta’lim muassasalari soni sezilarli darajada oshgani, o‘nlab nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari bizning yoshlar uchun eshigini mamlakatimizga kelib ochgani, bir necha oliy ta’lim muassasalari markazdan hududlarga, tuman va shaharlarga ko‘chgani e’tibor emasmi?!

Tibbiy sohadagi g‘amxo‘rliklarni qarang: tez tibbiy yordam sifati, patronaj xizmatlar, eng zamonaviy diagnostika markazlari, xorijlik tajribali mutaxassislarning mamlakatimiz aholisi ichiga kirib ko‘rsatayotgan yordamlari, Toshkentdagi tajribali mutaxassislarning qishloq joylariga borib, oddiy odamlarga ko‘rsatayotgan malakali tibbiy xizmatlari...

Ha, ana shunday tezkor sharoitlar va shiddatli yuksalishlar bilan hamohang istiqlolimiz ham har yili bir yoshga ulg‘aymoqda. Bu ulg‘ayish tinch-totuv hayotimiz, farovon turmushimiz, buyuk kelajagimiz, istiqlol sharofati bilan turmush tarzimizga, xonadonlarimizga kirib kelayotgan ro‘shnoliklar, to‘kin rizq-nasiba, dunyoqarashimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Bu ulg‘ayishda, eng avvalo, qaddi bastimizning, g‘urur va sha’nimizning tiklanganini ko‘ramiz, millatning erkka erishuvi naqadar totli, naqadar tarovatli tuyg‘u ekanini his etamiz, jahon hamjamiyati saflarida o‘zimizning munosib o‘rnimizni egallaganimizdan haqli ravishda iftixor qilamiz. Barchamiz milliy taraqqiyot manfaatlarini butun vujudimiz, ong-shuurimiz bilan himoya qilishga, yomon ko‘zlardan, g‘arazli niyatlardan asrab-avaylashga da’vat etilganmiz. Bu da’vat qalbimizda, imon-e’tiqodimizda aks-sado beradi, shu aziz Vatanga, shu musaffo osmonga, kindik qonimiz to‘kilgan muqaddas tuproqqa daxldorligimizdan quvvat olamiz. Kelajakka ishonchimiz yanada ortadi.

photo5381952514674502886.jpg

Keyingi yillarda mamlakatimizda yuz berayotgan olamshumul o‘zgarishlarni jahon hamjamiyati, mutaxassis-ekspertlar jiddiy kuzatib turibdi.

Yillar o‘tib bormoqda, ortimizdan munosib o‘rinbosarlar kelmoqda. Bugun oliy o‘quv yurtlariga, Prezident maktablariga imtihon topshirayotgan yoshlarni ko‘rib, diling yayraydi. Mamlakatimizda “ijod” maktablari, “Temurbeklar” maktablari, Buxoroda xalqaro matematika maktabining tashkil etilgani o‘zbek farzandlari uchun ham olamshumul qulaylik. Mustaqil fikriga, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan, zamonaviy bilimlarni chuqur egallashga azmu qaror qilgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itib bo‘lmaydi. Xalqaro fan olimpiadalarida farzandlarimiz qo‘lga kiritayotgan shoda-shoda medallar Istiqlol bizga mana shunday buyuk ma’naviy boylikni ato etganidan dalolat beradi. Bu boylik erta indin yangi-yangi Navoiy, Buxoriy, Termiziy, Ibn Sino, Xorazmiy, Habib Abdullaev, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ozod Sharafiddinov bo‘lib maydonga chiqadi.

Butun mamlakat katta qurilish, bunyodkorlik maydoniga aylandi. Jahon davlatlari tarixida kamdan-kam uchraydigan hodisa – yosh oilalarni, nogiron va boquvchisiz qolganlarni uy-joy bilan ta’minlash siyosati ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘lmoqda. Banklar yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bo‘sh yotgan imoratlar, foydalanilmayotgan yerlar o‘z egalarini topayotir. Chin dildan qilingan mehnat hisobiga kelgan daromad odamlarning turmush tarzini ijobiy ma’noda o‘zgartirmoqda. Xorijiy kuzatuvchilar Prezident Shavkat Mirziyoevning yangi siyosati nafaqat O‘zbekistonga, balki butun Markaziy Osiyoga yaxshi ma’noda ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda. Chindan ham, odamlar o‘z mehnatlari samaralaridan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jamiyat a’zolarining, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlarning huquqiy ongi va madaniyati o‘sdi. Yoshlarda jamiyat hayotida faol ishtirok etish, ijtimoiy faollik, mamlakat, millat taqdiri uchun kurash tuyg‘usi, vatanparvarlik hissi kuchaydi.

Yaqindagina milliy taraqqiyotga erishishning samarali yo‘llarini axtarayotgan, jamiyat hayotini, iqtisodiyotni, huquq-tartibot tizimini, madaniy-ma’rifiy, ta’lim-tarbiya sohalarini yangilayotgan mamlakatning qisqa muddat ichida jahon hamjamiyatining munosib a’zosiga aylanishini, taraqqiy topgan dunyo davlatlari bilan bo‘ylashishini, ongu shuurimizda, turmush tarzimizda shu qadar katta o‘zgarishlar yuz berishini, mamlakatning bugungi go‘zal qiyofasini, o‘g‘il-qizlarimizning jahon maydonlarida erishayotgan olamshumul g‘alabalarini hammamiz ham to‘la tasavvur qila olmaganmiz. Orzu-umidlarimizning ro‘yobga chiqishi uchun juda ko‘p yillar zarur bo‘ladi, deb o‘ylaganmiz. Ne baxtki, bugun bu ulug‘ g‘alabalarning barchasiga guvoh bo‘lib turibmiz, yangilanish jarayonlarida faol ishtirok etmoqdamiz.

Mazmun-mohiyati va amaliy natijalariga ko‘ra yillar-yillarga ulanib bormoqda. Qatrada quyosh aks etadi, deganlaridek, keyingi ikki yarim yil ichida hayotimizda yuz bergan ulkan o‘zgarishlar O‘zbekistonda yanada baland cho‘qqilarni egallash uchun zarur bo‘lgan ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy potensiallar mavjud ekanidan dalolat beradi. Bu shiddat aslo so‘nmaydi.

Shu zaminda tug‘ilib o‘sgan, shu vatanni vatan deb, shu yurtni yurtim deb yashayotgan yurtdoshlarimizning bir qismi necha yillar qalbida og‘ir bir dard bilan yashadi. Bu dard “fuqarosizlik” dardi edi. Davlatimiz rahbari ularning ham qalbiga yo‘l, dardiga malham topdi. Bugungi kunda O‘zbekistondek jannatmonand yurtning fuqarosi degan sharafli nomga muyassar bo‘lish dardi bilan ezilib yotgan yuraklarni dard emas, muhabbat, Vatanga muhabbat, uning adolatparvar rahbariga bo‘lgan muhabbat egalladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan olg‘a surilgan muhim ijtimoiy-ma’naviy tashabbuslar, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor” dasturlari, mamlakatda eng yaxshi investitsion muhitni yaratish, turizm sanoatini rivojlantirish, tadbirkorlik harakatining yanada keng quloch yoyishi uchun imkoniyatlar yaratish, bu bilan jamiyatda shakllanayotgan yangi mulkdorlar sinfini mustahkamlash, har bir kishining o‘z iste’dodini to‘la namoyon etishiga erishish hayotimizni yanada shukuhli qilishi muqarrar. Bunga jiddiy asoslar mavjud. Bugun mamlakatimizni 2035 yilgacha rivojlantirishning strategik rejasi ishlab chiqilmoqda.

Ochig‘ini aytsam, davlatimiz rahbarining g‘ayrat-shijoatiga qarab, buyuk bobomiz Alisher Navoiyning misralari yodimga kelaveradi:

Odami ersang demagil odamiy,

Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Xalqning g‘amini yeb, tashvishlarini yengillashtirish uchun davlatimiz rahbari “Biz katta marra oldik. Xalqimiz oldida ulkan mas’uliyat bu. Odamlar katta ishonch bildiryapti. Buni oqlash uchun halol-pok, sadoqat bilan mehnat qilishimiz kerak”, deb mahallama-mahalla, uyma-uy yuribdi. Bu aytishga oson. Ha, Prezidentimiz sa’y-harakatlari bilan xalqning qalbiga yo‘l soldi. Va bu yo‘l oddiy yo‘l emas, mehr rishtalari bilan bog‘langan ko‘ngil yo‘lidir. Ko‘ngil obod bo‘lsa, yurt ham obod bo‘ladi.

Abdukamol RAHMONOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.