French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehr qolur, oqibat qolur
19:16 / 2023-12-03

Namangan shahridagi “Sherdor” tantanalar majmuasida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan dasturxon atrofidagi bayram tadbiriga jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, o‘zining faolligi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz taklif qilindi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov bugungi kunda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangani, bu borada nogironligi bo‘lgan fuqarolarga alohida e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganligini ta’kidladi.

E’tirof etish darkor, mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni davlatimiz rahbarining 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, shu asosda Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgani misolida ko‘rish mumkin. Chunonchi, joriy yilda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” deb e’lon qilingani hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligini anglatadi. Bugungi kunda Namangan viloyatida 74 ming nafardan ziyod nogironligi bor fuqaroning jamiyatda o‘z munosib o‘rnini his qilib yashashi, o‘qishi va mehnat qilishi, ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.  

Viloyatdagi mavjud turar joylarda, ma’muriy xo‘jalik ishlab chiqarish binolarida, sport va madaniy inshootlarda, jamoat transportlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus moslamalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

– Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat, tuman, shahar hokimliklari tomonidan 1 ming 597 nafar nogironligi bor shaxsga nogironlik aravachasi, 617 nafariga eshitish moslamasi, 257 nafariga qo‘ltiq tayoq, 326 nafariga hassa, 54 nafariga yurish moslamasi, 1 ming 310 nafariga sog‘lomlashtirish maskanlariga yo‘llanmalar berildi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Hojiyev. – Qolaversa, jismoniy imkoniyati cheklangan 412 nafar hamyurtimizga uy-joyini ta’mirlashda ko‘mak, 12 ming nafardan ortig‘iga esa moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan uch barobar ko‘paygani nogironligi bor shaxslar manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar kuchayganni ko‘rsatmoqda. Qayd etish kerakki, hozir viloyatda nogironligi bor shaxslarning manfaatini himoya qilishga ixtisoslashgan 10 dan ortiq turli nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Birgina Nogironlar jamiyati viloyat va tuman bo‘limlariga 74 ming nafardan ortiq nogironligi bor fuqarolar a’zo sifatida qamrab olingan.

– Millatimiz azal-azaldan mehr-oqibatli bo‘lib, yiqilganni suyab, ko‘makka muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zib kelgan. Xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehribonlikdan beixtiyor faxr-iftixor tuyasan kishi, – deydi paraatletikaning yadro-disk uloqtirish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, jahon chempionati sovrindori, chustlik sport ustasi Tolibjon Yo‘ldoshev. – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan viloyat hokimining faxriy yorlig‘iga munosib ko‘rilishim men uchun kutilmagan bo‘ldi. Bu e’tibordan ko‘zlarim quvonchga to‘ldi. Zero, insondan mehru muhabbat, odamiylik qoladi. Yakuniga yetayotgan 2023 yil hayotimda unutilmas iz qoldirdi. Iyul oyida Fransiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida bronza medaliga sazovor bo‘ldim. Oktyabr oyida Xitoyda o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlarida kumush medal bilan taqdirlandim. Asosiysi, kelasi yilda Parij shahri mezbonlik qiladigan Paralampiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim.

Bayram tadbirida xushovoz san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, taqdim etilgan sovg‘alar barchaga xursandchilik ulashdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri