Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birga muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish, ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash hamda xayriya ishlarini tizimli tashkil etish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda davlatimiz rahbarining Ramazon oyini munosib o‘tkazish va ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qarori mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mablag‘larning maqsadli yo‘naltirilishi, shaffoflik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Xususan, ijtimoiy reyestr asosida ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ro‘yxatlarni qayta ko‘rib chiqish, davlat ta’minotidagi va kam ta’minlangan oilalarga manzilli moliyaviy yordamlarni o‘z vaqtida yetkazish kabi masalalar xususida so‘z bordi.
Bemor fuqarolarni navbatsiz qabul qilish va davolash ishlarini tashkil etish, mahallalarda kam ta’minlangan oilalar xonadonlarida iftorlik tadbirlarini o‘tkazish va diniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, homiylar ko‘magida ko‘rsatilayotgan yordamlarni manzilli va shaffof tarzda yetkazish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar hamda ijtimoiy muassasalarga moddiy ko‘makni kuchaytirish lozimligi aytildi.
Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash, reyestr ma’lumotlarining qonuniyligi va xolisligini o‘rganish hamda barcha jarayonlarni ommaviy axborot vositalari orqali ta’sirchan yoritish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Ramazon oyi davomida aholiga yaqin bo‘lish, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA