Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehr odami, muhabbat shoiri
15:53 / 2026-03-04

Xosiyat Bobomurodova – kamtar, kamsuqum, samimiy, zahmatkash, yoshlar ijodiga befarq bo‘lmagan, yurtparvar, elparvar ijodkor.

Uning she’rlarida kuyinchak onalarning o‘y-xayollari, jonfidoligi, yurtparvarligi, sadoqati, quyosh taftidek qaynoq mehri mujassam. Ustoz shoiraning ko‘plab she’rlari ajoyib qo‘shiqlarga aylangan. Safiya Saftarova ijrosidagi “Vatan yagonadir” she’ri buning yaqqol isboti.  

– Xosiyat opa tuyg‘ularini tantanavor ayta oladigan mehr odami, muhabbat shoiri, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, taniqli ijodkor Guljamol Asqarova. – Uning “Bir tunda sarg‘aydi bir daraxt yaproq”, “Ikki dunyoda ham bitta Samarqand”, “Men kuzni sevaman, kuzdan qo‘rqaman” kabi satrlari yod bo‘lib ketgan. Ustoz Halimai jahon “Muhabbat mavzuida Xosiyat otashin yozadi”, derdilar. Darvoqe, bu otashinlik hecham so‘nmadi, so‘nmasin ham.  

Chindam ham, Xosiyat opaning she’rlarida mehr, muhabbat, o‘zbek onalariga xos bo‘lgan mardlik va shijoat, qat’iyat, jo‘mardlik va shu bilan birga, xokisorlik, xazinlik va kamtarlik yaqqol ko‘zga  tashlanib turadi. Bu jihatlar ustoz shoiraning insoniylik fazilatlariga uyg‘un ekani bilan diqqatga sazovor.  

Xosiyat opa mavqe maqomi, yoshi, kasb-kori, ijtimoiy holatidan qat’i nazar barchaga birdek samimiy, oddiy, qadrdonlarcha munosabatda bo‘lishi bugun ko‘pchilik uchun ibrat namunasidir.    

Xalqimiz dildan tilga ko‘chgan samimiy, ham haroratli so‘zlarni doim qadrlab kelgan. Shu bois Xosiyat opaning ijodi adabiyot muxlislari, yurtdoshlarimizning doimiy ardog‘ida.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda e’lon qilingan  “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirishdagi xizmatlari, mehnati, boy bilim va tajribasi bilan islohotlarda faol qatnashib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda alohida ibrat ko‘rsatayotgan bir guruh opa-singillarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlariga munosib ko‘rilgani e’tiborga molik.  

Ustoz shoiramiz, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Xosiyat Bobomurodova “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgani milliy adabiyotimizning barcha muxlislarini quvontirgani aniq.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri