Yurtimiz bo‘ylab barcha ta’lim muassasalarida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlanib, ulug‘ zot sanalmish ustozlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Ana shunday bayram tadbiri Yashnobod tumanidagi 227-Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ham o‘tkazildi. Tadbirga faxriy o‘qituvchilar, maktab pedagogik jamoasi va ko‘plab mehmonlar taklif etildi.
Maktab direktori Saodat To‘raxonova yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan qutladi. Mamlakatimizda o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom ularning kayfiyatiga va ish faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini g‘urur bilan ta’kidladi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. 2022-2026 yillarda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dastur qabul qilinib, maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha Milliy kengash va uning hududiy bo‘limlari tashkil etildi.
– Bu kabi o‘zgarish va yangiliklarni ko‘plab keltirish mumkin, – deydi S.To‘raxonova. – Tizimdagi ulkan islohotlar o‘z samaralarini berib, ta’lim sifati yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Joriy o‘quv yilida 24 nafar bitiruvchi o‘quvchilarimiz yurtimiz oliy ta’lim muassasalariga, 15 nafari esa xorijiy bilim yurtlarga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni paytda maktabimizda 1 ming 181 nafar o‘quvchiga 70 nafar pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
O‘quvchilar ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari, ustozlarni madh etuvchi she’rlar tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etdi. Faxriy o‘qituvchilarga hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, sovg‘alar ulashildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA