Buxoroda “Eco-Save Aral – 2025” ekologik va xayriya marafoni doirasida 250 nafardan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirokidagi inklyuziv yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi. “Inson uchun” shiori ostida tashkil etilgan mazkur tadbir birdamlik, ishonch, matonat va haqiqiy jasorat ruhi bilan yo‘g‘rilgan holda o‘tkazildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar, kar va zaif eshituvchilar, aqliy rivojlanishda ortda qolganlar, harakat tayanchi shikastlangan shaxslar ya’ni 4 toifa (erkaklar va ayollar alohida hisobda) bo‘yicha, jami 24 nafar g‘oliblar diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
– Ushbu marafonda ishtirok etganimdan juda xursandman. Bunday tadbirlar bizlar uchun nafaqat sport musobaqasi, balki jamiyat e’tiborining, mehr-muruvvatning, birgalikda yashash tamoyillarining amaliy ifodasidir. Men sport bilan doimiy shug‘ullanaman. Harakat, har bir mashq, har bir g‘alaba meni yanada kuchliroq qiladi. Bugungi g‘alaba menga shijoatli bo‘lishni o‘rgatdi. Asosiysi, erishilayotgan yutuqlar ortida bizga yaratilayotgan sharoitlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga to‘laqonli integratsiyasini ta’minlash borasidagi tizimli chora-tadbirlar mujassam, – deydi vobkentlik 1-o‘rin sohibi Shahboz Ashrapov.
[gallery-23399]
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.