Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehr-muruvvat tadbirlari davom etmoqda
16:54 / 2022-12-03

Samarqand viloyati musiqali drama teatrida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan xayriya tadbiri o‘tkazildi.

Unda so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, O‘zbekiston nogironlar jamiyati viloyat bo‘limi raisi D.Pardayev mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish, huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.  

– Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan 30 noyabrdan yurtimizda mehr-muruvvat oyligi o‘tkazilmoqda – deydi D.Pardayev. – Oylik doirasida viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan xabar olinib, ularga zarur tibbiy-ijtimoiy, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu albatta, imkoniyati cheklangan insonlarning ko‘nglini shod etish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topishga xizmat qiladi. Ayniqsa, kuni kecha Prezidentimizning o‘z murojaatida bizga qarata aytgan “sizlar o‘zlaringizni yolg‘iz his etmasligingiz, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallab, barcha soha va tarmoqlarda faol ishtirok etishingiz, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishingiz, madaniy ehtiyojlaringizni ta’minlashingiz uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz” degan so‘zlari barchamizga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.  

Tadbirda nogironligi bo‘lgan o‘ttizdan ortiq fuqaroga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi hamda boshqa zarur vositalar, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shu yerning o‘zida xayriya marafoniga start berilib, korxona va tashkilotlar, saxovatpesha insonlar mazkur tadbirga o‘z hissasini qo‘shdi.  

Teatrda nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun spektakl namoyish etildi. Shuningdek, Samarqand xalqaro turistik markazi “Boqiy shahar” majmuasiga sayohat  uyushtirildi. Tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni yozildi.  

Sana munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga nogironlik aravachalari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak hamda ehtiyojiga ko‘ra boshqa turdagi mahsulotlar tarqatdi.

Jumladan, Pastdarg‘om tumanidagi Turkman mahallasida yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan X.Shomurotovaga tuman prokuraturasi bilan hamkorlikda nogironlik aravachasi berildi.

Viloyat moliya bosh boshqarmasi tomonidan Samarqand shahridagi Saxovat uyida yashovchi 150 nafar keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Shuningdek, ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.

 G‘.HASANOV, O‘zA