Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehr-muhabbat va e’tiborga muhtoj insonlar nima bilan band?
21:18 / 2023-05-01

Xalqimiz azaldan atrofdagilarga, begona bo‘lsa ham, qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshlarga mehr-muhabbatli, oqibatli bo‘lgan. "Yiqilganni" suyab, ko‘makka muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zgan. Bu elimizga xos bag‘rikenglik va mehribonlikni ifodalaydi.

Xususan,  ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik ortida ham ana shunday insoniylik fazilatlari mujassam.

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barcha imkoniyatlar, huquqiy kafolatlar yaratilgan.  

Konstitutsiyamizning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Ayniqsa so‘ngi yillarda bu borada qabul qilingan bir qancha qonun, farmon va qarorlar orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini ta’minlash yanada kafolatlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonuni bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish, nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi, nogironligi bo‘lgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va o‘z individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish, ob’ektlar va xizmatlarning qulayligi va nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat va davlatning hayotiga jalb etish kabi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari mustahkamlab qo‘yildi.

O‘zbekiston Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kengashning 46-sessiyasida birinchi marta ishtirok etib, ma’ruza qilgan edi. Mazkur ma’ruza xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi va takliflarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi – “Yo‘l xaritasi” ma’qullandi. Mazkur yo‘l xaritasida “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani” ratifikatsiya qilish masalasi ko‘tarilgan edi. Davlatimiz rahbari 2021 yil 7 iyunda “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida"gi qonunni imzoladi.  

– Islohotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini tartibga solish, ular uchun hayotning barcha jabhalarida kamsitilmasdan jamiyatning boshqa a’zolari bilan “Tenglar ichida tengmiz” tamoyili ostida ishtirok etish uchun imkoniyatlar yaratishni nazarda tutadi, – deydi O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi Komil Abdullayev. – Jamiyatimiz nogironlarga teng imkoniyatlarni yaratish, ijtimoiy hayotda faol qatnashishlari uchun ko‘maklashish, imkoniyat darajasida mehnatga jalb etish, ijtimoiy-maishiy masalalarni hal qilishda ko‘maklashish, ularning huquqlarini himoya qilish borasida faoliyat yuritadigan tashkilotdir. Uning barcha viloyat, shahar-tumanlarda hududiy bo‘lim va bo‘linmalari mavjud va bu mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan jismoniy shaxslar bilan ishlaydigan eng yirik tashkilot hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan 2022 yil 1 martdan boshlab soliq kodeksining 380-moddasi birinchi qismiga (http://lex.uz/docs/4674902#4687404) muvofiq bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda  I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshirildi.  

Shuningdek, 2024 yil 1 martga qadar ish beruvchilarga ular tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib berilishi belgilandi.

Lekin byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno. Bunda ijtimoiy soliq summasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.

– O‘zbekiston Nogironlar jamiyati va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2018 yildan buyon “Biz birgamiz!" ijtimoiy loyihasi asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning Respublika savdo yarmarkalarini o‘tkazib kelamiz, – deydi jamiyat bosh mutaxassisi Botir Omonturdiyev. – Ijtimoiy loyihaning asosiy maqsadi  — nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Toshkent shahrida joylashgan “EKOBOZOR” savdo majmuasida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning 4-Respublika savdo yarmarkasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan o‘zlari yasagan mehnat mahsulotlari bilan qatnashish maqsadida 80 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar jam bo‘ldi. Ular o‘zaro fikr almashdi, bir-biri bilan tanishdi, tajribalarini o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 6 ta viloyat markazida yengil konstruksiyali savdo ob’ektlari O‘zbekiston Nogironlar jamiyati balansida qurilgan bo‘lib, bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zi yasagan qo‘l mehnati mahsulotlarini sotib kelmoqda.  

Respublikamizning 8 ta hududi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari markazida nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zi yasagan qo‘l mehnati mahsulotining sotilishiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 2.4x6 hajmdagi standart yengil konstruksiyali savdo ob’ektlarini qurish maqsad qilingan bo‘lib, ushbu loyiha 2022-2023 yillar davomida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.  

– Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlash sabr, mehnat va e’tibor talab etadi, – deydi O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nogironlar jamiyati bo‘limi rahbari Parchagul Dauletyarova. – Hunarmand imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning daromad topishini ta’minlash uchun tashkil etilayotgan savdo ob’ektlari bu borada bizga yordam beradi. Jismonan imkoniyati cheklangan insonlar daromad topsa, oilasi, turmushi farovon bo‘ladi, biz ham jamiyatdagi o‘z vazifamiz, burchimizni bajargan bo‘lamiz.

– Inson hamisha yaxshi yashashga intiladi, bizning jismonan imkoniyatimiz cheklangan bo‘lsa-da, qalbimiz to‘kis, istaklarimiz to‘liq, – deydi toshkentlik 2-guruh nogironligi bo‘lgan Dildora Mavlyanova. – Davlat, jamiyat bizni yolg‘izlatib qo‘ygani yo‘q. Hamisha qo‘llab-quvvatlov, e’tibordamiz. Shunga javoban bizning ham shu davlat va jamiyatga foydamiz tegsa, deymiz. Men tashkil etgan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati qoshida “UMIDVOR MDH” unitar korxonasi ayollar ustki kiyimlari, maxsus kiyimlar, choyshab, ko‘rpa va shunga o‘xshash tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Qo‘l ostimda 25 nafar, shundan 13 nafari nogironligi bo‘lgan xodimlar ishlaydi. Biz bir tanu bir jon bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib,  foydali mehnat bilan shug‘ullanyapmiz. Bizga davlat tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimizni birjasiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida tashkilotlarga sotish imkoniyati va soliqdan bir qator imtiyozlar berilgan. Shundan foydalanib,  oila boqyapmiz, daromad topyapmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 fevraldagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirish choralari belgilangan.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida 2022 yil 1 apreldan boshlab, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning (hujjatda ko‘rsatilgan 34 turdagi kasalligi bo‘lgan) parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lanyapti. Bunda parvarishlash nafaqasini to‘lash va yetkazib berish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan. Hujjatda parvarishlash nafaqasi fuqarolarning Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga qilgan murojaati asosida byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tayinlanishi belgilangan.

Imkoniyati cheklanganlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor sabab nogironligi bo‘lgan shaxslar hech qachon o‘zini boshqalar yonida ojiz ko‘rmaydi, orzulari, maqsadlari tomon ildam qadam tashlaydi. Darhaqiqat, insondan mehr-muhabbat, odamiylik kabi ulug‘ va savobli ishlar qoladi.

 

 

Barno Meliqulova, O‘zA