Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mehr daftari” asosida bolalar muammolari hal etilmoqda
16:36 / 2023-01-27

Jizzax viloyati hokimligida “Bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiyaning 2022 yil davomida amalga oshirgan ishlari sarhisobi”ga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Viloyat hokimining bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri Nargiza Mavlonova o‘tgan 2022 yil davomida bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiyaning amalga oshirgan ishlari yuzasidan batafsil axborot berdi.  

Prezidentimizning 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida 2022 yil davomida hududiy komissiyaning 5 ta tanqidiy-tahliliy yig‘ilishi o‘tkazilgan.  

Bolalar masalalari bo‘yicha shahar va tuman komissiyalarida bolalar huquqlarini himoya qilishga oid 371 ta ish ko‘rildi. Ota-onalik majburiyatini bajarmagan 116 nafar ota-onaga javobgarlik belgilandi. Komissiya ish rejasiga muvofiq, 6 marotaba vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalarning yashash tarzi va muammolari yuzasidan maqsadli o‘rganishlar o‘tkazilgan.

Ayni paytda, viloyatda 541 ming 364 nafar voyaga yetmagan bola istiqomat qilib, ulardan 2 ming 430 nafari yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalardir. bugungi kunda, viloyatda jami 10 ta oilaviy bolalar uyi tashkil etilgan bo‘lib, oilaviy bolalar uylarining 5 tasi Sharof Rashidov tumanida, 5 tasi Jizzax shahrida joylashgan. Farzandlikka olish jarayonida inson omilini kamaytirish va raqamlashtirish maqsadida “mu.maktab.uz” platformasi orqali “onlayn navbat” tizimi joriy etildi.  

– O‘tgan 2022 yilda viloyat hududidagi 47 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola oliy ta’lim tizimida o‘qish istagini bildirib, Davlat test markazining maxsus dasturi (imtiyoz.dtm.uz)ga kiritildi va ularning 14 nafari Jizzax davlat pedagogika universitetiga, 9 nafari esa Jizzax politexnika institutiga imtiyozli qabul qilingan, – deydi viloyat hokimining bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri Nargiza Mavlonova. – 2022 yilning 1 yanvaridan “Mehr daftari” tizimi doirasida chora-tadbirlar amalga oshirilib, Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan ishlab chiqilgan “mehrdaftari.uz” onlayn platformasi joriy etildi.

“Mehr daftari” tizimi bo‘yicha shahar va tuman bolalarni himoya qilish sho‘’balari tomonidan viloyatdagi 389 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ro‘yxati kiritilgan. Viloyat davlat soliq boshqarmasi ma’lumotiga asosan, 2023 yil 5 yanvar holatiga “Mehr daftari” jamg‘armasiga jami tushum – 3 milliard 849 million so‘mni tashkil etadi. Shundan 2022 yilda 1 milliard 865 million so‘m mablag‘lar bolalar muammolarini hal etishga sarflandi.

O‘tgan yili uy-joyga muhtoj bo‘lgan 23 nafar bolaga uy-joylar ajratildi. Hududiy “Xalqparvar” komissiyasi xulosasi bilan belgilangan mezonlar asosida ko‘chmas mulkning ikkilamchi bozoridan viloyatning turli shahar va tumanlaridan uy-joylar xarid qilingan. Ushbu uy-joylarga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan respublika byudjetidan 2 milliard 986 million so‘m mablag‘ ajratildi. 

Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA