Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnatsiz, harakatsiz natijaga erishib bo‘lmaydi, muhimi, gimnastika ommalashadi
18:36 / 2022-12-27

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolanayotgan har bir qaror ortida mamlakatimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishdek orzumand istaklar mujassam.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan «Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror ham ulug‘ maqsadlarga yo‘g‘rilgan. Ushbu qarorning har bir bandi ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanarmikan? Gimnastika bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Shahlo Narziyeva bilan kechgan suhbatimiz ham mazkur qaror mazmun-mohiyati xususida bo‘ldi.

– Bugun qabul qilingan qaror ertagayoq natija bermasligi mumkin. Ammo bu, kelajakdagi yutuqlarning poydevorini qo‘yishi shubhasiz. O‘tgan 3-4 yil oralig‘ida Olimpiya harakatini rivojlantirish, ustuvor sport turlarini ommalashtirish, sport ta’limini yangi bosqichga olib chiqish borasida, shuningdek, kurash, ot sporti turlari, shaxmat, dzyudo, boks, qishki sport turlari rivojini tizimli olib borish kabi qator hujjatlar imzolandi. Shu asosda zarur infratuzilma yaratildi. Buning ortidan minglab yoshlar ommaviy sport mashg‘ulotlariga jalb qilindi. «Gimnastika sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorning qabul qilinishi esa nafis sport turlari bo‘lgan gimnastika yo‘nalishlarini rivojlantirishda dasturilamal bo‘ladi. Albatta, uning hayotga to‘liq tatbiq etilishi mutaxassislar mehnatiga, talabchanligiga bog‘liq. O‘ylaymanki, bu borada O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi tegishli tashkilotlar bilan hamjihatlikda zarur choralarni amalga oshiradi.

– Bir paytlari yurtimizdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida boshlang‘ich gimnastika mashg‘ulotlari ustuvor hisoblanardi. Hozirgi holat qay ko‘rinishda?

– Bir paytlar boshqacha qarash ustuvor edi. Bog‘chalarda, maktablarning boshlang‘ich sinf darslarida gimnastika mashg‘uloti asosiy o‘rinda turardi. Deyarli barcha bog‘chalar o‘z gimnastika zali yoki hech bo‘lmasa, burchagiga ega bo‘lardi. O‘tgan yillar mobaynida biz bunday qarashlardan nafaqat uzoqlashdik, hattoki maktabgacha ta’lim muassasalarga jajji farzandlarimiz uchun zararli bo‘lgan jangovar yo‘nalishlarni, yot qadriyatlarni singdirishgacha bordik. Ushbu qaror asosida maktabgacha ta’lim maskanlarini gimnastika mashg‘ulotlari bilan qamrab olish nazarda tutilganligi ayni muddao bo‘ldi. Maktabga ta’lim maskanlarida gimnastika mashg‘ulotlariga qiziqish katta. Ammo, bugungi kun talablaridan kelib chiqib, ushbu masalaga yanada ko‘proq e’tibor qaratishimiz, ushbu tizimni takomillashtirishimiz, maktabgacha yoshdagi bolalarning gimnastika sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlarni yaratishimiz, ko‘nikmalarini shakllantirishimiz, zamonaviy uslubiyat bilan ta’minlashimiz zarur bo‘ladi.

– Siz rahbarlik qilayotgan maktab uchun ushbu qaror qanday yangi ufqlarni ochadi?

– Gimnastika bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabi mamlakatimizda sohaga oid yagona o‘rta maxsus bilim yurti bo‘lib, 60 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozirda turli yosh toifasidagi 52 nafarga yaqin mahoratli sportchilarni tayyorlamoqdamiz. Ularning 21 nafari gimnastika sport turlari bo‘yicha milliy va yoshlar terma jamoasining a’zolari hisoblanadi. Ular o‘tgan yillar mobaynida «Tokio-2020» Olimpiadasida, Turkiya va Rossiyada o‘tgan «Islom birdamligi» va «Osiyo bolalari» o‘yinlarida qatnashib, vatanimiz shuhratini ulug‘lashga hissa qo‘shishdi.

Ushbu qarorning joriy etilishi xalqaro musobaqalarda munosib natijalarga erishadigan sportchilar safining kengayishiga xizmat qiladi. Avvallari har bir sport turi bo‘yicha 3-4 nafar sportchi orasidan iste’dodli sportchilar saralangan bo‘lsa, kelajakda qarorda belgilangan vazifalar ijrosi natijasida 7-8 nafar sportchi orasidan munosiblar tanlab olinadi. Albatta, qarorda ustuvor masalalardan biri sifatida respublikamizning barcha hududlarida istiqomat qilayotgan yosh, iste’dodli, intiluvchan yoshlarimizga gimnastika bilan shug‘ullanish uchun keng sharoitlar yaratish, istiqbolli sportchilarni kichik yoshda aniqlash va maxsus sport ta’limi muassasalarda tayyorlash belgilangan. Shu maqsadda Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy moddiy-texnik va o‘quv-mashq bazasiga ega hududiy gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlarini tashkil etish belgilangan bo‘lib, qobiliyatli yosh sportchilarni tanlab olish hamda ularni terma jamoalarga nomzod sifatida tayyorlash nazarda tutilgan. 

Gimnastika markazlari ixtisoslashtirilgan davlat sport-ta’lim muassasasi sifatida o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlashi ko‘zda tutilgan.

– Keyingi yildan mamlakatimizda qaror asosida gimnastika sport turlari bo‘yicha bir qator xalqaro turnirlar o‘tkazilishi belgilangan. Bu, katta sa’y-harakatni, mehnatni talab etadi. Shunday emasmi?

– Mehnatsiz, harakatsiz natijaga erishib bo‘lmaydi. Muhimi, gimnastika ommalashadi. Jahon sport jamoatchiligi O‘zbekiston sportini yangicha qutbda ko‘ra boshlaydi. Qaror asosida gimnastika sport turlari bo‘yicha bir qator nufuzli musobaqalarga asos solinishi, gimnastika yo‘nalishlarining aholi o‘rtasida ommalashishiga turtki bo‘ladi. Bundan tashqari, badiiy gimnastika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi «Yorqin yulduzcha», kattalar o‘rtasida “Grand Prix Uzbekistan” xalqaro turniri, sport gimnastikasi bo‘yicha «Duxoba yo‘l» xalqaro turniri, trampolin bo‘yicha «Samodan baland» xalqaro turniri, “Gymnastics Day” kabi musobaqalar tufayli mamlakatimizga xorijdan yuzlab sportchilar, murabbiylar keladi. Ayni holat mamlakatimizda sport turizmi rivojlanishiga hissa qo‘shishi bilan ham ahamiyatli.

– Mazmunli suhbat uchun rahmat.

To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi, O‘zA