O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini rejalashtirish, faoliyat ko‘rsatishini tashkil etish, ichki auditdan o‘tkazish va takomillashtirish tartibi;
mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablarini samarali bajarish, xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarish tartibi belgilab berilgan.
Ushbu Namunaviy nizom O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 359-moddasi hamda Xalqaro Mehnat Tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 155-sonli Konvensiyasiga (Jeneva, 1981 yil 22 iyun) muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini rejalashtirish, uning faoliyat ko‘rsatishini tashkil etish, ichki auditdan o‘tkazish va takomillashtirish tartibini belgilaydi.
Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining maqsadi mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablarini samarali bajarish, xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarishdan iborat.
O‘zA