French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi hujjatlarga amal qilmagan 489 mansabdor ma’muriy jarimaga tortildi
13:09 / 2021-03-11

Sanoat ishlab chiqarish korxonalari soni ortayotgani ko‘plab ijtimoiy muammolarga yechim bo‘lmoqda.

 Sababi, joylarda og‘ir sharoitda yashayotgan oilalarning mehnatga layoqatli a’zolarini ishli qilish, daromad topishiga ko‘maklashilmoqda. Ammo qurilish maydoniga aylangan shahar va tumanlarda, ayniqsa, ko‘p qavatli uylar qurilishiga jalb qilinayotgan ishchilarga risoladagidek mehnat sharoitini yaratishda muammolar mavjud.

Ishchilar mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi qoida-me’yorlari bo‘yicha yo‘riqnomalardan o‘tkazilishi, xavfsiz mehnat qilish usullariga o‘qitilishi va bilimi vaqti-vaqti bilan sinovdan o‘tkazilishi shart va zarur. Amalda esa bunga panja orasidan qarash hollari ham ko‘p uchraydi. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksi 215-moddasi, Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Qonunning 25-moddasida ishchilarni yetarli qulaylik va maxsus kiyim-bosh, poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlashgacha bo‘lgan me’yor va qoidalar o‘z ifodasini topgan.

Shuningdek, mulk shaklidan qat’iy nazar, kichik korxonalar, MCHJlar va boshqa tadbirkorlar O‘zbekiston Respublikasining 2009 yil 16 apreldagi «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonuni talablaridan xabardor bo‘lishi zarur. Biroq bu borada ham ish beruvchi tomoni o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish majburiyatini bajarmasdan kelayotgan holatlar talaygina.

– Buxoro viloyatida aholi bandligi, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini joylardagi ijrosini o‘rganish va nazorat qilish bo‘yicha 2020 yilda sohada tekshirish va o‘rganishlar o‘tkazilgan, – deydi viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Hamroyev. 

– Uning natijasida 489 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 886 million 105 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima solingan bo‘lsa, 300 dan ortiq MCHJ va kichik korxonaga ogohlantiruvchi xat tarqatilgan. Targ‘ibot va tashviqot ishlari kuchaytirilayotganiga qaramasdan, yil davomida viloyatda ishlab chiqarish jarayonida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa soni 66 taga yetgan. 25 ta holatda qurilish sohasida ro‘y bergan ana shunday baxtsiz hodisa natijasida 19 nafar fuqaro og‘ir tan jarohati olgan. Qurilish ob’ektlarida qayd qilingan noxushliklar oqibatida yana 54 kishi turli xildagi tan jarohati olgan.

Viloyat markazida "WHITE GROUP TRADING“ MCHJ tomonidan qurilgan ko‘p qavatli turar joy binosida «Mirshod Baraka Omad» MCHJ pudrat tashkiloti ish yurituvchisi Mustafo Hotamov va yollanma ishchisi Nasim Samadov tomonidan gaz montaj ishlari bajarilishi 2020 yil may oyidan boshlangan. Bu ish noyabr oyida yakunlangan bo‘lsa-da, binoni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash ishlari loyihada ko‘rsatilgan, o‘rta bosimli gaz quvuriga tegishli gaz ta’minoti idorasidan ruxsat olmasdan burun, o‘zboshimchalik bilan bajarilgan. Bu jarayonda hech qanday sinov ishlari bajarilmagan. Natijada yashash xonalarini gazlashtirishda texnik jihatdan qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Qavatlar oralig‘idagi gaz quvurlariga avariya jo‘mraklari o‘rnatilmagan va xonadonlarni gazlashtirishda loyihadan chetga chiqilishi oqibatida ko‘p qavatli uyda inson hayoti uchun o‘ta xavfli portlash-chaqnash ro‘y bergan. Bu respublika Adliya vazirligi tomonidan 1997 yil 14 oktyabrda 370-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi hududida gazdan uy-ro‘zg‘orda foydalanish qoidalarining 5-bandi va 14.10-bandi talablariga rioya qilinmaganligi natijasidir. Eng yomoni bu xatolik 4 nafar fuqaroning turli xildagi tan jarohati olishi bilan yakunlandi.

“DONG SEUNG KOREA” MCHJ tomonidan Buxoro shahrining G‘ijduvon ko‘chasida qurilayotgan 250 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasida 2021 yil 7 fevral kuni balandlikdagi ishlarni bexatar olib borish uchun To‘xtasin Ostanayev brigadasi tomonidan havoza(lesa) o‘rnatilgan. Texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilishlari ustidan nazorat olib borish MCHJ qurilish ob’ekti ustasi Aziz Najmiyev zimmasiga yuklatilgan. Ammo u ish bajarishning xavfsiz usullari va yo‘llari haqida ish joyida yo‘l-yo‘riq berishni yetarlicha olib bormaganligi va bu haqda jurnalda yozuv qayd qilmaganligi oqibatida ishchi Sherzod Jo‘rayev ehtiyotsizlik qilib balandlikdan yiqilib, og‘ir tan jarohati olgan.»Navro‘z Propan Servis» MCHJ tomonidan «Avtomobillarga siqilgan gaz kompressor stansiyasi»ning ayvoni (naves)ni qurish loyiha asosida olib borilmaganligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi «Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan qoidalariga zid ekanligi o‘z isbotini topdi. 

MCHJ da o‘z hisobida bo‘lgan elektr uskunalarini xavfsiz ekspluatatsiya qilish maqsadida elektr xo‘jaligi uchun javobgar shaxs tayinlanmagan. Qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarishda yollanma ishchilar, ustalarga korxona rahbariyati tomonidan tegishli tartibda 6 kVli havo tarmog‘ini kuchlanish ostidaligi, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yozma yoki og‘zaki yo‘riqnomalar yetkazilmagan. Oqibatda og‘zaki kelishuv asosida ishga jalb qilingan fuqaro Sunnatillo Akbarov 6 kVli elektr tarmoqlarining tok o‘tkazuvchi qismgacha bo‘lgan masofaga yaqinlashgani sababli kuchlanish ostida qolgan. Elektr toki ta’sirida voqea joyida fojiali vafot etgan.

«Navro‘z Propan Servis» MCHJ rahbari jinoiy javobgarlikka tortilishidan tashqari, fuqaro Sunnatillo Akbarovning qaramog‘ida bo‘lgan ikki nafar voyaga yetmagan farzandi va 64 yoshli onasi Shahodat Radjabovaga boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi va biryo‘la beriladigan nafaqalarni ham berishi kerak bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi «Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatligini boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, bu xarajatlar MCHJ tomonidan to‘lanishi shart.

– Ish beruvchi tomon, korxona va mehnat jamoalari rahbarlari qo‘l ostidagi har bir ishchi-xodimning hayoti, xavfsiz sharoitda ishlashiga bevosita mas’uldir, – deydi Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektori Amrullo Amonov. 

–O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi talablariga asosan, ish beruvchi va xodim o‘rtasida mehnat munosabatlari o‘rnatilgan bo‘lishi, jumladan, fuqarolarni mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilish buyrug‘i bilan rasmiylashtirib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi tashkil qilinishi lozim. Ishchilarga xavfsiz ishlash usullari o‘rgatilib, texnika xavfsizligi qoidalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berilishi, ish joylarida mehnat sharoitlari xavfsizligini ta’minlash talab qilinadi. Qolaversa, ishchi fuqarolar o‘zlari ish joyi xavfsizligi ta’minotiga ishonch hosil qilishi, tadbirkordan maxsus kiyimbosh, poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalarini talab qilib olgan holda to‘g‘ri ishlashi taqozo etiladi.

 

Zarif Komilov, O‘zA